Raqamlashtirish — davr talabi

Raqamlashtirish — davr talabi

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarni sud organlari faoliyatiga joriy etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etildi.

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga asosan amaldagi qonunchilikka sud organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish bilan bog‘liq normalar belgilandi.

Qarorga muvofiq, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:

- fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;

- sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;

- maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;

- sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;

- sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish.

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi hamda Sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integrasiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Dasturda 2021-2023 yillarda barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish, apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish, sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish, sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish, sudlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash kabi chora-tadbirlar belgilandi.

Qaror bilan tasdiqlangan, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘l xaritasi asosida bir qator vazifalar, jumladan:

- 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash;

- sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish;

- muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish;

- sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va boshqa axborot tizimlarining integrasiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlar bilan tanishish;

- sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish kabi vazifalar belgilandi.

Yana bir o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integrasiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar sudlarning elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi.

Shu bilan bir qatorda, qarorda 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur tizim davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish, manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish, sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Joriy yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish, shuningdek Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini ko‘rish ham qarorda alohida nazarda tutilgan.

Yuqoridagilardan tashqari, Sudyalar oliy kengashiga sudyalar, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tomonidan elektron murojaat qilish, suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalarni axborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlash, Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy veb-sayti orqali ariza va murojaatlarni yo‘llash, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarning reyting ko‘rsatkichlarini elektron tarzda shakllantirish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o‘quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilishdan iborat bo‘lgan tartiblarni o‘rnatish belgilandi.

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, yuqorida qayd etilgan imkoniyatlarning paydo bo‘lishi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rish bilan birga fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish orqali ularning sud organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishdan iboratdir.

 

SH.Bakayev

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisi


F.Turaxodjayev

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!