Qur’onda nomi zikr etilgan qavmlarni bilasizmi?

Qur’onda nomi zikr etilgan qavmlarni bilasizmi?

Qur’onda juda ko‘p qavmlarning nomlari zikr etilgan.

Bani Isroil ko‘p oyatlardan zikr qilingan, jumladan:

«Ey Bani Isroil, sizga bergan ne’matlarimni eslang va Menga bergan ahdingizga vafo qiling. Men ham sizga bergan ahdimga vafo qilurman. Va mendangina qo‘rqing» (Baqara, 40).

Oli Fir’avn (ya’ni  Fir’avn ahli – qibtiylar):

«Va dengizni yorib, sizni qutqarib, sizning ko‘z oldingizda Fir’avn ahlini g‘arq qilganimizni eslang» (Baqara, 50).

Mana bu oyatda esa beshta qavm – Nuh qavmi, Od, Samud, Ibrohim qavmi va Madyan egalari (aholisi) yoki Shuayb qavmi:

«Ularga o‘zlaridan oldin o‘tganlarning, Nuh, Od, Samud qavmining va Ibrohim qavmining, Madyan egalarining va to‘ntarilgan qishloqlarning xabari kelmadimi?...» (Tavba, 70).

Va Madyanga o‘z birodarlari Shu’aybni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Sizga Undan o‘zga iloh yo‘q...» (A’rof, 85)

«Agar seni yolg‘onchi qilayotgan bo‘lsalar, bas, bulardan oldin Nuh qavmi, Od va Samud ham yolg‘onchi qilgan edilar. Ibrohim qavmi va Lut qavmi. Madyan egalari ham. Va Muso ham yolg‘onchi qilindi. Men kofirlarga bir oz muhlat berdim, so‘ngra ularni tutdim. Bas, Mening inkorim qandoq bo‘ldi?!» (Haj, 42-44).

Lut qavmi:

«Lut qavmi Payg‘ambarlarni yolg‘onchi qildi» (Shuaro, 160).

Yunus qavmi:

«Qani endi, biron qishloq iymon keltirganda, unga iymoni manfaat bersa edi. Faqat, Yunus qavmi iymon keltirganlarida, ulardan hayoti dunyodagi xorlik azobini kushoyish qildik va ularni ma’lum vaqtgacha foydalantirdik, xolos» (Yunus, 98).

Aykat (daraxtzor) egalari va Tubba’ qavmi:

«Va daraxtzor egalari va Tubba’ qavmi – barchalari Payg‘ambarlarni yolg‘onga  chiqarganlar. Bas, (azob) va’dam haq bo‘ldi» (Qof, 14)

Rass egalari (ya’ni quduq sohiblari):

«Od, Samud va quduq egalarini hamda bu oradagi asrlarni eslang» (Furqon, 38).

Uxdud egalari:

«Uxdud» egalariga la’nat bo‘lsin» (Buruj, 4).

Hijr egalari:

«Batahqiq, Hijr egalari Payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardilar» (Hijr, 80).

Saba’ (malikasi) qavmi:

«Men u (ayol)ning va qavmining Allohni qo‘yib, quyoshga sajda qilayotganlarini va shayton ularga amallarini ziynatlab, yo‘ldan to‘sayotganini ko‘rdim. Bas, ular hidoyat topmaslar» (Naml, 24).

Madina ahli va a’robiylar:

«Atrofingizdagi a’robiylardan munofiqlar bor. Madina ahlidan ham. Ular nifoqda siyqasi chiqqanlardir...» (Tavba, 101).

«Madina ahliga va ularning atroflaridagi a’robiylarga Rasulullohdan chetda qolishlari va o‘z jonlarini ko‘zlab, uning joniga e’tibor qilmasliklari durust emas...» (Tavba, 120).

Muhojir va ansorlar:

«Birinchi peshqadam muhojirlar va ansoriylar va ularga yaxshilik bilan ergashganlar. Alloh ulardan rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar...» (Tavba, 100).

Nasroniy va yahudiylar:

«Ibrohim yahudiy ham nasroniy ham bo‘lmagan edi. Lekin u haq yo‘ldan toymagan musulmon edi. Va mushriklardan ham bo‘lmagan edi» (Oli Imron, 67).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!