Qozog‘istonda yig‘ilgan Ravon «Uzautomotors»ni qutqara oladimi?

Qozog‘istonda yig‘ilgan Ravon «Uzautomotors»ni qutqara oladimi?

Rossiyaga mashinasini sotolmay qolgan «Uzautomotors» ularni Qozog‘istonda yig‘ish orqali muammoni hal qilmoqchi. Biroq endi O‘zbekistondagidan ham qimmatga tushayotgan bu mashinalar bilan Rossiyada yo‘qotgan bozorni qayta zabt etib bo‘ladimi?

Olmaotada Qozog‘istonda yig‘ilishi kutilayotgan Nexia R3 avtomobilining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

E’tiborli tomoni avtomobillarning narxi O‘zbekistondagidan qimmat.

"O‘zbekistonda ham narxlar shunday. Narxlarimiz raqobatbardosh. Shuning uchun ham narxlarni ko‘tarmaymiz ham, tushirmaymiz ham. O‘zbekistondan keltirish va boj to‘lovlari xarajatlari bo‘lgani uchun hatto Qozog‘iston bozorida narxlar qimmatroq", – deydi Qozog‘iston Ravon motors bosh direktori Rustam Matmusayev.

Qozog‘istonda yig‘iladigan Nexia R3 mashinalari 9900 dollardan boshlab 11200 dollargacha sotiladi. Ayni shu rusumdagi mashinalar O‘zbekistonda 8600 dollardan 10000 dollargacha sotiladi.

«Uzautomotors» korxonasi direktori Aleksandr Saxabov o‘zbekistonliklarga chetdagilarga nisbatan qimmat avtomobil sotish amaliyoti o‘tmishda qolganini aytadi.

"Oldin farq bor edi. Ikki yil davomida mashinalarning tannarxini tushirish bo‘yicha va ular ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham bir xil narxda bo‘lishi uchun katta ishlar qildik", – deydi «Uzautomotors» boshqaruvchi direktori Aleksandr Saxabov.

Shu yil oxirigacha Qozog‘istonning Qo‘stanay shahrida 16 ming dona Nexia R3 mashinalari yig‘iladi. Ularning 6 mingtasi ichki bozorda sotilsa, qolgan 10 mingini Rossiyaga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar bir vaqtlar mashinalarni o‘z qiymatidan past narxda sotish orqali sobiq MDH davlatlarini zabt etgan GM Uzbekistan bu siyosatini o‘zgartirishi orqali Rossiyada bir yil davomida mashina sotolmay qolganini aytadi.

Siyosati o‘zgargan va shu kunlarda nomini ham «Uzautomotors»ga aylantirgan GM Uzbekistan Rossiya va Qozog‘istonda yig‘iladigan mashinalar bilan raqobat qilishga majbur bo‘lib qolgan.

Xarajatlarga har bir mashinani yaroqlilik muddati tugagach yo‘q qilish uchun sarflanadigan 1400 dollar atrofidagi yig‘imlar qo‘shilgan.

Evrosiyo iqtisodiy mintaqasiga mashina qismlarini bojsiz olib kirish kabi imtiyozlar «Uzautomotors»ni o‘z avtomobillarini Rossiya yoki Qozog‘istonda yig‘ishga majbur qilmoqda.

2017 yilda Nexia R3 Qozog‘istonda eng ko‘p sotilgan mashinalardan biri bo‘lgan bo‘lsa-da, «Uzautomotors» Rossiyada bir vaqtlar yo‘qotgan o‘rnini tiklashi qiyin bo‘lishi aytilmoqda.

O‘tmishda cho‘ntakbop bo‘lgani uchun Rossiyada ko‘p sotilgan va hozir deyarli jiddiy o‘zgarishga uchramagan, ammo narxlari ko‘tarilgan mashinalarning xaridorlari ko‘p bo‘ladimi degan savol o‘rtaga chiqmoqda.

Monopol ertagi tugaydimi?

Oddiy odamlardan tortib, prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidlariga nishon bo‘layotgan «Uzautomotors»ning O‘zbekistondagi imtiyozli davri yakuniga yetib borayotgan ko‘rinadi.

Davlat soliq qo‘mitasi avtomobil yoki har qanday texnika ishlab chiqaruvchilar o‘z xohishlari bilan narxlarni istagancha oshirmasliklari uchun import bo‘yicha bojlarni ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Iqtisodchilar ushbu xabarni sensasiya dedi.

O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mubin Mirzayev jurnalistlar bilan uchrashuvda GM Uzbekistan kompaniyasi yillar davomida imtiyoz olganiga qaramasdan bu avtomobilsozlik sohasini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga yordam bermaganini ta’kidlagan.

Sensasiya, raqobat muhitini yaratish uchun import avtomobillarining narxi tushiriladi. Shunday qilib biz bozor iqtisodiyotini quramiz. Meni chimchilanglar, bunaqasi bo‘lmagan.

Yuliy Yusupov, iqtisodchi

U kompaniyalar uchun raqobat muhitini yaratish maqsadida import bo‘yicha bojlar qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasiga ko‘ra 1 oktyabrdan O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarishda monopol korxona bo‘lgan GM Uzbekistan ham qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘laydi.

QQS bo‘yicha, jumladan qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransportlar, butlovchi qismlar, avtotransportlarni ishlab chiqarishda foydalaniluvchi materiallar va texnologik uskunalarga nisbatan bir qator imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilgan.

Mubin Mirzayev Andijonga tashrifi vaqtida mahalliy avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashganida import qilinayotgan ehtiyot qismlardan ikki-uch barobar arzon turuvchi mahsulotlar mavjudligiga guvoh bo‘lgan.

Biroq unga ko‘ra GM Uzbekistan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mahsulotlarni sotib olmayapti. Soliq qo‘mitasi mulozimi avtomobil zavodi hech kimga hisob bermasligini aytgan.

"Zavod import qiladi. Biz imtiyozlar berdik, biroq u ichki bozordan ikki-uch barobar qimmatga import qilmoqda. Ertaga QQSni joriy etganimizdan so‘ng hujjat bo‘ladi, hisob-faktura bo‘ladi. Unda barcha import narxlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Hozir hech qanday hujjat yo‘q: qayerdan, kimdan, qanchaga – hech kim tekshirmaydi. Chunki imtiyozlar bor. Soliqchiga bu kerak emas, chunki hatto tekshirgan taqdirda ham u „Soliqlarni to‘lamasam, bu menga nima uchun kerak?" deb javob beradi", – deya ta’kidlgan DSQ rahbari o‘rinbosari.

Munosabat: sensasiya! Bunaqasi bo‘lmagan!

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondagi iqtisodiy sohada qabul qilinayotgan qarorlarga o‘ta tanqidiy yondashayotgan iqtisodchi Yuliy Yusupov avtomobil importiga bojlarning tushirilishini sensasiya deya baholadi.

"Sensasiya, raqobat muhitini yaratish uchun import avtomobillarining narxi tushiriladi. Shunday qilib biz bozor iqtisodiyotini quramiz. Meni chimchilanglar, bunaqasi bo‘lmagan", – deya hayratini izhor qilgan u.

O‘zbekistonda hozircha yagona yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi GM Uzbekistan ko‘plab tanqidlarga nishon bo‘lib keladi.

Xaridorlar zavod mashinalari boshqa davlatlar bilan solishtirganda qimmatligi va uni sotib olishda pora berish hollaridan noliydi.

Avtomobil zavodi prezident Shavkat Mirziyoyevning ham tanqidlariga sabab bo‘lgan.

Prezident "10 ming ishchi o‘rni yaratmasa bunday zavod bizga kerakmas" degan.

Import avtomobillariga qo‘yilgan baland bojlar gohida kulgili holatlarga sabab bo‘lgani ham aytiladi.

O‘zAning xabar berishicha, farg‘onalik kishi Qirg‘izistondan ikkita Neksiya avtomashinasini 1300 dollarga sotib olgan va 600 dollar sarflab O‘zbekistonga olib o‘tgan. Ayni shu mashinalar 5200 dollarga baholanib davlat foydasiga musodara qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!