Qiyomat kuni insonlar ham o‘simliklar kabi yerdan chiqadilar

Qiyomat kuni insonlar ham o‘simliklar kabi yerdan chiqadilar

Qur’oni Karimda odamlarning qayta tirilishiga iymonga chaqirish jarayonida inson bolasi ko‘z o‘ngida yillar osha takrorlanib turadigan oddiy haqiqatni misol qilib keltiriladi. Odamlarni o‘sha o‘zlari guvoh bo‘lib turgan haqiqatdan o‘rnak olib, o‘lganlaridan keyin qayta tirilish haqligiga aniq ishonishga chorlanadi.

Alloh taolo A’rof surasida marhamat qiladi:

«U O‘z rahmatidan oldin shamollarni xushxabar qilib yuboradigan Zotdir. Nihoyat, ular og‘ir bulutlarni ko‘targach, ularni o‘lik yurtga haydab boramiz. So‘ng undan suv tushirib, o‘sha ila barcha mevalardan chiqarurmiz. O‘liklarni ham mana shunday qilib chiqaramiz. Shoyadki, eslatma olsangizlar» (57-oyat).

Ushbu oyati karimadagi «O‘z rahmati»dan murod yomg‘irdir. Darhaqiqat, yomg‘ir – Allohning rahmati. Agar u bo‘lmaganda, qurg‘oqchilik ko‘pgina balo-ofatlarni keltirar edi. Yomg‘ir, ya’ni Allohning rahmati odamlarning nazarida o‘zidan-o‘zi yog‘ayotganga o‘xshaydi. Lekin aslida uni Alloh yog‘diradi. Yomg‘ir yog‘ishidan, ya’ni Allohning rahmati kelishidan burun uning xushxabarini shamollar olib keladi. Shamollarni ham Alloh yo‘llaydi. Bu dunyoda Allohning amrisiz hech narsa sodir bo‘lmaydi. Shamolning esishi, bulutning paydo bo‘lishi va shunga o‘xshash tabiiy o‘zgarishlarning asl sababini kim yaratgan? Ularni ma’lum sabablarga muvofiq tarzda harakat qiladigan qilib qo‘ygan kim? Albatta, Alloh!

«Nihoyat, ular og‘ir bulutlarni ko‘targach, ularni o‘lik yurtga haydab boramiz».

Suvsiz holda qaqrab yotgan yerlarni suv bilan serob qilamiz.

«So‘ng undan suv tushirib, o‘sha ila barcha mevalardan chiqarurmiz».

Darhaqiqat, suv bo‘lmasa, yomg‘ir yog‘masa, butun borliq xuddi jonsiz jismdek, qimir etmay yotadi. Yomg‘ir yog‘ib, suv yetganda esa qurib-qaqshab yotgan yerlardagi turli o‘t-o‘lanlar, o‘simliklarga jon kiradi. Ular bosh chiqarib, o‘sa boshlaydi va ma’lum vaqt o‘tgach, har biri mahsul beradi. Bu hodisa boshidan oxirigacha yolg‘iz Allohning amri bilan sodir bo‘ladi. Chunki bu moddiy olamda Allohning amridan tashqari ish yo‘q. Ushbu zikr etilgan holga monand, o‘lib, batamom chirib ketgan odamlarni ham qayta tiriltirish, ularga jon ato etish ham Alloh uchun hech narsa emas.

«O‘liklarni ham mana shunday qilib chiqaramiz. Shoyadki, eslatma olsangizlar».

Yil bo‘yi ko‘m-ko‘k bo‘lib o‘sib yotgan o‘simliklar qurib, yo‘q bo‘lib ketadi, biroq vaqti-soati kelib, fasllar almashsa, yomg‘ir yog‘sa, yana xuddi burungi yashillik holiga qaytib kelaveradi. Shu singari, odamlar o‘lganlaridan so‘ng chirib, yo‘q bo‘lib ketsalar ham, urug‘lari qoladi. Alloh xohlagan vaqtda – qiyomat qoim bo‘lganda ular ham xuddi yomg‘irdan keyin unib chiqqan o‘simliklar kabi qayta tiriladilar. Har bir inson bu holdan ibrat olishi g‘oyatda zarur. Zero, o‘simlik hayoti oxirat hayotiga juda go‘zal tamsildir.

Mo‘’tabar dalillarning qayd etishicha, qiyomatda ham Alloh taolo qirq kun yomg‘ir yog‘diradi va u tufayli xuddi yerdan nabotot o‘sib chiqqanidek, qabrlardan jasadlar chiqadi.

Alloh taolo Zuxruf surasida marhamat qiladi:

«U osmondan o‘lchov ila suv tushirgan Zotdir. Biz u (suv) bilan o‘lik yurtni tiriltirdik. Siz ham shu kabi chiqarilursiz» (11-oyat).

Osmonu yerni yaratgan, azizu o‘ta ilmli Alloh osmondan yomg‘ir, qor yog‘dirib, o‘lchov ila suv tushirdi. Suv bilan o‘lib yotgan yerlarni tiriltirdi. Ularga hayot baxsh etdi. Bu ishga qodir Zot sizni ham o‘lganingizdan so‘ng qayta tiriltirishga qodirdir.

Qiyomat kuni

«Siz ham shu kabi chiqarilursiz».

Ya’ni Alloh taolo o‘lik yurtlarga yomg‘ir yog‘dirib, yer ostidagi o‘simliklarni undirib chiqarganidek, qiyomat kuni siz ham qabrlaringizdan chiqarilasiz.

Oqibat shunday bo‘lgach, fursat borida o‘zingizni o‘nglab, iymonga kelib, Allohning bandaligini qiling.

Alloh taolo Qof surasida marhmat qiladi:

«Va osmondan barakali suvni tushirib, u bilan bog‘-rog‘larni va don hosilini o‘stirdik. Va zich tugunchali, shingillari bor xurmolarni ham...» (9-10-oyatlar).

Ushbu oyati karimalarda Alloh taolo O‘zining jonsiz narsalarga jon kiritishga qodirligiga juda ham sodda misol keltirmoqda. Bu misol ushbu oyati karimalar nozil bo‘lgan davrdagi sodda hayot kechirayotgan kishilarni ham, hozirda o‘ta murakkab hayot kechirayotganlarni ham birdek ta’sirlantiradi.

«Va osmondan barakali suvni tushirib, u bilan bog‘-rog‘larni va don hosilini o‘stirdik. Va zich tugunchali, shingillari bor xurmolarni ham».

Suv bo‘lmasa, bog‘-rog‘larning dov-daraxtlari danak yoki ko‘chat holida jonsiz bo‘lib, o‘smay – hayot kechirmay turaveradilar.

Qachonki Alloh taolo osmondan barakali suvni tushirsa, ularga jon kirib, harakatga tushadilar, o‘sib-unib, bog‘-rog‘lar hosil qiladilar.

Donli ekinlar va zich mevali shingillari bor xurmolar haqida ham xuddi shu ma’noni takrorlashimiz mumkin.

Alloh taolo O‘zi yog‘dirgan yomg‘irni «barakali» deb sifatlamoqda. Ushbu baraka yomg‘iri o‘t-o‘lanlarni, turli donlarni va bog‘-rog‘larni tiriltirganidek, o‘lgan insonlarni, o‘lik qalblarni ham tiriltirishi mumkin emasmi?

Kelasi oyatda nima uchun Alloh taolo O‘zi yog‘dirgan yomg‘ir ila mazkur narsalarni o‘stirib qo‘yishini bayon qiladi.

«Osmondan suv tushirib, bog‘-rog‘larni, donlarni va zich mevali xurmolarni o‘stirdik,

«...bandalarga rizq qilib. Va u (yomg‘ir) bilan o‘lgan shaharni tiriltirdik. (Qabrdan) chiqish ham shunday bo‘ladi» (11-oyat).

Ushbu oyati karimada avvalgi oyatda zikr qilingan don, bog‘-rog‘, xurmolarni Alloh bandalariga rizq qilib bergani eslatilmoqda.

«Bandalarga rizq qilib», deyilganining ma’nosi shu.

Ayni chog‘da, o‘simliklari qurib, o‘lik holiga kelib qolgan shaharlarni va yerlarning nabototlarini yomg‘ir ila o‘stirib-tiriltirishini eslatmoqda.

«Va u (yomg‘ir) bilan o‘lgan shaharni tiriltirdik».

Oyati karimaning oxirida esa inson vafot etib, ko‘milib, chirib ketganidan keyin ham xuddi shu tarzda qayta tirilishi oson ekani ta’kidlanmoqda.

«(Qabrdan) chiqish ham shunday bo‘ladi».

Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘’jizalar” kitobidan

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!