Qanday ob-havo koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi?

Qanday ob-havo koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi?

Muayyan ob-havo — qishdagi quruq sovuq va yozdagi issiq, quyoshli havo — COVID-19 tarqalishini sekinlashtiradi. Bu haqda AQShning Virjiniya shtati Jorj Meyson Universitetining Tizimli biologiya maktabi professori Ancha Baranovaning ma’lumotiga tayanib «RIA Novosti» xabar berdi.

Professor, shuningdek, karantin cheklovlarini ob-havo sharoitiga muvofiq ravishda belgilash mumkin degan fikrni ilgari surmoqda.

U bunday gipotezani «Suyuqliklar fizikasi» jurnalida chop etilgan dunyoning uch shahrida koronavirus tarqalishining ilmiy modeliga asoslanib ilgari surdi.

«Mazkur ishlarga asoslanib, ob-havo davriy o‘zgaradigan har qanday shaharda virus yiliga ikki marta o‘z cho‘qqisiga chiqadi, deb taxmin qilishimiz mumkin. Modellashtirishning zaif tomoni shundaki, olimlar buni hali o‘ta sovuq havoda sinab ko‘rmagan, 20 daraja sovuqni hisobga olmagan. Eng yomon ob-havo bu — nol darajadan sal yuqori va loygarchilik sharoiti; quyosh ko‘proq qizitib, ochiqroq bo‘lgan havo esa virusni o‘ldirishga yordam beradi», — dedi Baranova.

Biolog modellashtirish Nyu-York, Parij va Buenos-Ayres shaharlari uchun amalga oshirilganini qo‘shimcha qildi.

«Ushbu model mahalliy ob-havo sharoiti, lokdaun yoki boshqa cheklov choralarini kiritish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslangan edi. Biz uch xil ob-havo omili — harorat, namlik va shamolni ko‘rib chiqdik. Ular orasida shamol katta rol o‘ynaydi. Kuchli shamol, ayniqsa, namlik past bo‘lganda tomchilarni quritib, virusni ‘uchirib yuboradi’, iliq, nam, tinch ob-havo esa virusning yashab qolishiga yordam beradi. Biroq yengil shabada tinch ob-havodan ham yomonroq. Bunday shabada virusni 2-3 metrga olib boradi va kasallik yuqtiruvchilar sonini oshiradi», — deya davom etdi biolog.

Uning ta’kidlashicha, turli shaharlarda shu kabi modellar virus tarqalishi uchun qulay ob-havo sharoitida qisqa muddatli cheklov choralarini ko‘rish imkonini beradi. Bunday ob-havo prognozi avvaldan e’lon qilinsa, shahar aholisi vaziyatga tayyor turishi, jumladan, ishni uyga ko‘chirish, uchrashuvlarni Zoom orqali o‘tkazish va uyda qolish choralarini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq olimlar iqlim o‘zgarishi va COVID-19 kelib chiqishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagan edi. Unga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi natijasida ma’lum bir mintaqada ko‘rshapalak turlari sonining ko‘payishi o‘sha yerda zararli koronavirusning paydo bo‘lish, yoyilish yoki rivojlanish ehtimolini oshirishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!