Prezident qarori: O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etiladi

Prezident qarori: O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining:

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 29 birlikdan iborat Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligini;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 58 birlikdan iborat bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi bo‘limlarini;

tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari tuzilmalarida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 185 birlikdan iborat bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sektorlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bozor kon’yunkturasi tahlilini hisobga olgan holda meva mahsulotlari turlarini ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va intensiv agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;

O‘zstandart agentligi bilan birgalikda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklariga xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etishda ko‘maklashish;

meva mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va sotishning butun zanjirini o‘z ichiga olgan klaster shaklini tashkil qilish va kooperasiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;

bozorlar kon’yunkturasi bo‘yicha chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish yo‘li bilan raqobatbardosh mahsulot yetishtirish, uni sotishni tashkil qilish, eksport salohiyatini oshirish maqsadida investisiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;

tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva navlarini joylashtirish va yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish, innovasiyalarni rivojlantirish va joriy etish masalalari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarining elektron reestrini yuritish.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!