Oliy sud "XTV va Qobil Do‘sov mojarosi" yuzasidan bayonot berdi

Oliy sud "XTV va Qobil Do‘sov mojarosi" yuzasidan bayonot berdi

Da’vogar – Xalq ta’limi vazirligi javobgar – Qobul Dusovga nisbatan tashkilotning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi da’vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga murojaat qilgan.

Ushbu da’vo ariza ish yurituviga qabul qilinib, hozirgi kunda fuqarolik ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki sud majlislarida fuqarolik ishi bo‘yicha taraflarning bayonotlari, guvoh ko‘rsatmalari olinib, sudning 2020 yil 23 sentyabr kunidagi ajrimiga ko‘ra fuqarolik ishi yuzasidan sud-lingvistika ekspertizasi tayinlanib, uni o‘tkazish Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklatilgan va fuqarolik ishi ish yuritishdan to‘xtatilgan. 

Mazkur fuqarolik ishi ekspertiza xulosalari olinganidan so‘ng tiklanib, sudda ko‘rilishi davom ettiriladi. 

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda turli baxs-munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayonini yoritayotgan ayrim jurnalist va blogerlar e’tiborini O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi (ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi) ning talablariga yana bir bor qaratmoqchimiz. 

Unga ko‘ra, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

Shuni yodda tutish kerakki, sud – mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanadi. 

Bosh qomusimizning 112-moddasida: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deb qayd etilgan.

Albatta, demokratik huquqiy davlatni so‘z erkinligi, ya’ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, o‘z navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga bo‘ysunadi. 

Biroq, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va sha’nini yerga urish qabilida tushunish kaltabinlikdan boshqa narsa emas.

So‘z erkinligi yuksak mas’uliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda bo‘lish talab etiladi.

Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida har kim bemalol ishtirok etishi mumkin. 

Ammo ba’zi jurnalistlar va blogerlar sud jarayonida ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori o‘qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida e’lon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim o‘tkazishning bir ko‘rinishidir.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang. 


O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy sudi matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!