Oliy Majlis deputati Ukraina bilan savdo hajmini qisqartirishga chaqirdi

Oliy Majlis deputati Ukraina bilan savdo hajmini qisqartirishga chaqirdi

Ukrainada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarga nisbatan proteksionistik harakatlarning olib borilayotgani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining havotiriga sabab bo‘lmoqda.
 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yana bir deputati Abdurashid Abduqodirov O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarining o‘tmishi, buguni va kelgusi istiqbollari haqida fikr bildirdi.
 
“Dangalini aytganda, Ukraina “UkrAvto” avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida O‘zbekistondan yengil avtomobillar importi masalasida tergov-surishtiruv ishlari haqida bayonot berganligi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘zining avtomobilsozlik sanoatining yanada rivojlanishini ta’minlash bahonasi bilan avtomobillarimizning olib kirilishiga cheklov o‘rnatish maqsadida Ukraina tomoni avtomobil sanoatiga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi masalalarini o‘rganmoqchi.
 
Birgina 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida o‘zaro tovar aylanmasi jami 335,8 million AQSh dollarni, jumladan, 274,6 million AQSh dollari miqdorida Ukrainadan import qilingan bo‘lsa, O‘zbekistondan eksport qilingan tovarlar hajmi esa 61,2 million AQSh dollarini tashkil etgan. O‘zbekistondan eksport qilingan yengil avtomobillar ulushi yuqoridagi o‘zaro tovar aylanmasiga nisbatan atigi 5,5 foizni, yoki Ukrainada ishlab chiqarilayotgan o‘xshash avtomobillarga nisbatan 1 foizga yaqinni tashkil etayotgan hamda 2017 yilda “Ravon” modeli sotuvlar bo‘yicha 10-o‘rinni egallaganligiga qaramasdan Ukraina tomonidan yuqoridagi mazmunda bayonot berilganligi Ukraina halqiga foyda keltirishidan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi aniq. Birgina Ukraina va O‘zbekiston ikki karra erkin savdo zonasida bo‘lib turganligi sababli Ukrainadan import qilingan tovarlarga nisbatan qo‘llanilgan imtiyozlar 60 million AQSh dollaridan ortganligi ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
 
O‘zbekiston har doim o‘z tashqi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarini halqimiz mintalitetiga, bag‘rikengligiga mos ravishda uzoqni ko‘zlagan holda, vazmin siyosat asosida amalga oshirib kelmoqda. Biroq, O‘zbekiston bir tomonlama manfaatni ko‘zlagan holda qo‘pol ta’sir choralariga nisbatan o‘zining munosib javobini halqaro munosabatlarda tan olingan prinsiplarga mutlaqo amal qilgan holda javob berishga ham qodir.
 
Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan holatda aynan shunday yo‘l tutilishi zarur. Birinchidan, eng oddiy choralardan biri sifatida Ukrainadan import qilinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin. Ukrainadan import qilinayotgan asosiy tovarlar bo‘lgan shakar mahsuloti, dori vositalari, shokolad va konditer, yog‘-moy mahsulotlari, metal trubalar, qog‘oz va karton mahsulotlari, yog‘och va taxta mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari, tirik qora mollarini o‘rnini import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini o‘zimizda ko‘paytirish hamda Rossiya kabi strategik hamkor davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish orqali ham amalga oshirishi mumkin. Ikkinchidan, Ukrainaga eksport qilinayotgan tovarlar hajmini boshqa yangi bozorlar izlash orqali kamaytirish yo‘lidan borishimiz ham mumkin. Bunda Ukrainadan import qilinayotgan tovarlar uchun qo‘llanilayotgan imtiyoz va preferensiyalarni boshqa hamkorlarga qo‘llash orqali ular bilan o‘zaro manfaatli tovar aylanmasini oshirilishiga erishish ham mumkin”, degan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!