Nogironlik mojarosi: Sirdaryoda shifokor jinoyat ustida qo‘lga olindi

Nogironlik mojarosi: Sirdaryoda shifokor jinoyat ustida qo‘lga olindi

Tamagirlik — bu mansabdor shaxs tomonidan fuqaroning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan xizmatiga doir harakatlarni sodir etish tahdidi ostida moddiy manfaatni talab qilish yoki fuqaroni uning qonuniy manfaatlariga zarar keltiradigan oqibatlarning oldini olish uchun moddiy manfaatni berishga majbur etadigan sharoitga qasddan tushirishdir.

Hayotda o‘zganing mulkiga ko‘z tikish, nopok luqmadan hazar qilmaslik illatlari hech qachon yaxshilik bilan yakun topmaydi.

Bu dunyoda izoh talab qilmaydigan shunday bir haqiqat bor: jinoiy yo‘l bilan topilgan boylik hech kimga, hech qachon buyurmaydi, nohalol luqmadan biron kimsa o‘sib-unmagan, baraka topmagan, afsuski, hayotda shunday misollar ham uchrab turadi. Yaqinda sud tomonidan nogiron shaxsdan pul talab qilgan tamagirga nisbatan hukm o‘qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, B.Bozorboyev (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Sayxunobod tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida shifokor lavozimida ishlab kelib, fuqarolarga nogironlik guruhini belgilash vakolati bo‘lmasa-da, mulkiy naf ko‘rish niyatida, Sayxunobod tumanida yashovchi A.Aliyevning turmush o‘rtog‘i N.Aliyeva uchun nogironligini uzaytirish uchun Sirdaryo viloyat tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tekshiruviga yo‘llanma berish hamda Sirdaryo viloyat tibbiy-mehnat ekspert komissiyasida ishlovchi “Odil” ismli tanishi orqali tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi xulosasini rasmiylashtirib berishni dalolat qilib, evaziga 700,000 so‘m pul mablag‘ini talab qilib, fuqaro A.Aliyevning ishonchiga kirib, uni aldab, 2021 yil 28 iyul kuni undan 700.000 so‘m pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Sud sudlanuvchi B.Bozorboyevga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 1-qismi, 28,211-moddasi 1-qismi bilan 45, 59-moddalariga asosan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari-14.700.000 so‘m miqdorida jarima jazosini tayinladi.

Xulosa qilib aytganida, B.Bozorboyev noqonuniy qilmishi uchun nafaqat sudlandi, el orasida ham uyatga qoldi, uning qing‘ir ishlari yaxshilikka olib bormadi, axir buning qonuniy yo‘llari bor ediku, shu tariqa B.Bozorboyev firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyatining achchiq ta’mini tatib ko‘rishga majbur bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!