Musofir hasrati: «Bag‘ringga qaytamiz, O‘zbekiston!»

Musofir hasrati: «Bag‘ringga qaytamiz, O‘zbekiston!»

Hammaning nigohi unda. Uning esa hech kim bilan ishi yo‘q. U yig‘lar, xun-xun yig‘lardi... Mastdir deya o‘yladim. Ammo mastga ham o‘xshamasdi, duppa-durust odam. Bilsam, uzoq yillik ayriliqdan so‘ng hozirgina Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ygan... Ich-ichidan oqib kelayotgan tuyg‘ular selida qolgan Musofir ekan!

Bu voqeaga Toshkent vokzalida, tasodifan duch kelib qolgandim. Unutib ham yuborgan, o‘zimning tashvishli dunyomga sho‘ng‘ib ketavergan edim.

Bugun esa oradan yillar o‘tib o‘sha yetti yot kishini eslayapman. Nega ekan-a? Chunki...

Chunki, bugun men ham Musofirman!

Zinhor holimdan shikoyat qilmoqchi emasman. Yurtimni sog‘indim, elimni sog‘indim, deb ayyuhannos solish niyatim ham yo‘q. Shunchaki, goh-gohida dardlarimni daftarimga to‘kaman, xolos:

Kindik qonim to‘kilgan

Erlar kirmish tushimga...

Kunda-kunora onajonim bilan gaplashib turaman. Bilaman, meni sog‘inganlar... Axir, meni o‘qishga kuzatayotganda yig‘lab kuzatar, kutib olayotganda ham yig‘lab kutib olar edilar-ku!..

Men ham, men ham sog‘inganman onajonimni! Lekin buni o‘zlariga aytolmayman, xavotir oladilar.

Qalam va qog‘oz. Bular mening ajralmas do‘stlarim, ularga yozilaman:

Onaginam, men faqat

Sizni ko‘rgim kelyapti!

Otam bilmagan dardlarimni ham mana shu do‘stlarim biladi:

Otaginam, men hozir

Sizni ko‘rgim kelyapti!

Bolalarimga atalgan hislarimni ham daftarimning qatlarida saqlayman:

Zerikibmi, zoriqibmi, sog‘inibmi goh

Suratlarni titkilayman, tikaman nigoh.

Qarashlaring buncha ma’sum, buncha begunoh,

Muhammadim, otasini sog‘ingan bolam...

***

Yurtdan kechib, eldan kechib, ota-onang, oilang, bola-chaqangdan, kasbingdan ayrilib yiroqlarda yurish senga nega zarur, dersiz?

Kim biladi... balki haqdirsiz.

Sizdan boshqalar ham so‘ragan buni.

Men Vatanimda vatanim bo‘lishi uchun Vatanimni tark etishga majbur bo‘ldim.

Ochiq gapiray. Men O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini bitirdim. Ma’rifat gazetasida muxbir, Boshlang‘ich ta’lim jurnalida bo‘lim muharriri, Yosh kuch jurnalida muxbir, Pedagog minbari jurnalida mas’ul kotib bo‘lib ishladim. Baqadrihol ish o‘rgandim, elga qo‘shildim, do‘st-yor orttirdim. Faoliyatim davomida el-u yurtimga qanchalik nafim tegdi, bilmayman.

Lekin onam, otam, oilam, yaqinlarimga, atrofimga kerakli e’tiborni berishga ko‘pda ojizlik qilar edim. Bilasiz, har yigitning bo‘ynida bir olam burchlari bor. O‘z burchlarini o‘rniga qo‘ymay turib qilingan har qanday balandparvoz da’vo puchga chiqadi. Oila yukini uloqtirib, olamning yukini yelkalayman degan kishi yolg‘onchidir. O‘ttizga kirib-da, o‘zgalarning og‘irini yengil qilish o‘rniga, o‘zi yuk bo‘lib yurish kishini, ayniqsa, er kishini ezib qo‘yadi.

Kechinmalarimni biror manfaat ilinjida yoki qandaydir alamzadalikdan yozayotganim yo‘q. Ayni damda ham ayni tashvishlar alamini chekayotgan hamkasb, hammaslaklarim bor. Yaqin-yaqinlargacha va hatto hamon hurriyat taqchilligi va iqtisodiy tanglik ko‘ngil ahlining, qalam ahlining, umuman, davlat tashkilotlarida ishlaydigan hamyurtlarimizning ruhini tushirdi, jamoatchilik oldida e’tiborini zada qildi. Tili qisiq, qo‘li kalta bo‘lib qoldi. Alaloqibat, har kim o‘ziga o‘zicha yo‘l qidira boshladi. Hamma ham maslagiga sodiq qolib bir umr tosh tishlab sabr bilan, matonat bilan o‘tolmaydi. Buni uddalagan, bir umr elning ertasi uchun kurashgan mard-u maydon kimsalarni esa, ko‘rsangiz, ko‘zingizga surting, boshingizga ko‘taring, salomimizni yetkazing!..

Maslagiga sodiq yana shunday serg‘ayrat kishilar bor. Ular bir paytning o‘zida bir necha ishning boshini tutdilar. Ammo, bilasiz, Bir vaqtning o‘zida hamma joyda bo‘lish hech joyda bo‘lmaslikdir degan hayot qonuni ham bor. Bunday tutim ko‘pgina iqtidor va ilm egasi bo‘lgan shaxsiyatlarning parchalanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar ular butun diqqatlarini bir maqsadga yo‘naltirsalar, yaxshiroq samara berarmidi, kim bilsin.

Endi ish boshlagan paytlarim edi. Davlat tashkilotlaridan birida ishlaydigan yaqin qarindoshim aytgandi: Gohida ayrim hamkasblaringiz idoramizga kelib turadi, na uyatni biladi, na nomusni. Lo‘li ham ulardan yaxshiroq... Yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsam, degandim.

Afsuski, mana shunday toifalar ham yo‘q emas. Vijdonini sotib, insofini ham harom topgan noniga qo‘shib yeb kun ko‘radi. Tamagirlik, tovlamachilik, poraxo‘rlikdan or-nomus qilmaydi. Kimning qo‘lida parcha suyak ko‘rsa, borib dumini likillatadi, kalamush kabi elning rizqiga chang soladi. Xalq orasidan xayr-u barakani ketkizadi. Xudoyim bunday kishilarning insofini bersin!

Ayrim do‘stlarimiz esa qalam-qog‘ozini uloqtirib, o‘zlarini bozorga urdilar. Baraka topsin ular ham. Ammo eldan gapirmas, faqatgina puldan gapirar bo‘ldilar.

Kimlarimizga esa yo‘l ko‘rindi. Har tomonga rizq qidirib sochilib ketdik. El-u yurtimizdan ham, kitob-daftarimizdan ham uzoqlashgancha uzoqlashdik.

Kadr yetishtirishni bilgan xalq, davlat kadrlariga ega chiqishni ham bilishi kerak.

Davlat dunyo muhorabasida hayot uchun, hurriyat uchun kurashayotgan qo‘shinga o‘xshaydi. Har bir xodimi, har bir fuqarosi uning askari. Zaif, qo‘rqoq, ruhi tushkun, istiqboldan umidsiz askardan hech qanday foyda yo‘q. Davlat mutaxassis kadrlarining qadr-qiymatini bilishi, ularni ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llashi, tarbiyalashi va xalqning ko‘zida ham, haqiqatda ham qahramonlarga aylantirishi lozim. G‘alabani qahramonlarsiz, kurashsiz qo‘lga kiritib bo‘lmaydi.

Xorijdan istiqbol qidirishning omillari talay. Shulardan yana biri ta’lim tizimimizdagi oqsoqliklar. Avvalo, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya ishlarimiz, og‘zimiz ko‘pirib maqtanib kelganimiz bilan, maqtagulik emasligi ochiq-oydin ko‘z o‘ngimizda. Oliy ta’lim muassasalariga tanlov chog‘ida o‘qiyman, o‘rganaman degan ko‘plab umidlarimiz nohaqlik, adolatsizlik bo‘ronlarida qolib, chang-to‘zonda yo‘llarini yo‘qotib qo‘yyaptilar!

Hazrat Navoiyning Gavharni imtihon uchun toshga urmaydi degan o‘gitlariga zid ravishda kim biladi qanchadan-qancha injularimizni sindirib kelyapmiz! Bechora yillar davomida o‘qishga tayyorlanadi, yuqori ballarni to‘playdi, lekin imtihondan yiqiladi. Ko‘z o‘ngida ne bir o‘yinlar o‘ynaladi. Kitob yuzini ko‘rmagan tanishlari talaba bo‘lib ketaveradi. Yana keyingi imtihonga tayyorlanay desa, yarimta nonga qanoat qilib bolasini o‘qitib kelayotgan ota-onasining ham sillasi qurigan, o‘zining ruhiy olami ham abgor... Nima qiladi keyin? Bor-e! deb, Rossiyaga ishlagani ketadi. Qaytib kelganda ko‘rasiz-ki, unda undan hech vaqo qolmagan...

Ming amallab o‘qishga kirgan, o‘qib bitirgan kadrlarning ahvoli bilan ham yuqorida ozgina tanishdik. Kadr tayyorlashning zahmati bizga, rohati birovlarga! Biz 10-20 yil mablag‘, kuch, umrimizni sarflab yetishtirgan mutaxassislarimizni ko‘zga surta-surta eng og‘ir, eng tuban ishlarga solyaptilar!

Hozirda Janubiy Koreyada ishlayotgan bo‘lsam, bu yerda tanishgan kishilarimning biri shifokor, biri pedagog, jurnalist, hisobchi, muhandis, usta, hunarmand va hokazo. Qizig‘i, bu yerda sizdan hech kim Kasbing nima edi, yurtingda nima ish qilarding, kimsan, nimasan? , deb surishtirib o‘tirmaydi. Qo‘lingdan ish keladimi, marhamat, ishlayver. Mana pul, mana uy, mana kiyim-kechak, mana oziq-ovqat, mana suv, mana havo... Ishlasang bo‘lgani. Bu eng qora ishchilarga ko‘rsatiladigan e’tibor.

Shu joyda kichkina qiyos. Esingizda bo‘lsa, diyorimizdagi eng nufuzli, adadi nisbatan yuqori nashrlarimizdan biri Ma’rifat gazetasida ishlaganimni aytdim. O‘sha paytda oilam, ikki o‘g‘lim bilan ikki xonalik ijara uyda turar, har oy 100 dollar ijara haqi va ba’zi kommunal to‘lovlar to‘lab turar edim (Xudo yarlaqasin, uyning egasi ko‘p mehr-oqibatli kishi. Ahvolimizni bilib, ijara haqini falon muhlatda berasan demas, goh-gohida haq olmas, hatto bir gal cho‘ntagimizga majburlab pul solib qo‘ygan edi. Qanday odamlarimiz bor-a!). Har kuni ishga va ish yuzasidan transportda qatnash, hamkasblar bilan tushlik qilish uchun ham maoshimizning kattagina qismi sarflanib ketar edi. Issiq jonmiz, kiyim-kechak, bolalarning og‘rib qolishi, mehmonga bor, mehmon kut, xullas, qatordan qolmay odamdek yashash kabi ehtiyojlar har birimizga tanish. Oladigan maoshimiz esa, boshqa ko‘pgina tahririyatlarga nisbatan yaxshi deyilsa-da, hayot bilan taqqoslaganda... ochga urvoqdek edi. Iltimos, dardimizni dasturxon qilishdan maqsadimizni to‘g‘ri anglang!

Bunday sharoitda siz qanday qilib o‘z ustingizda ishlashingiz, o‘z g‘amingizdan ortib xalq qayg‘usi bilan og‘rishingiz mumkin?

Endi Janubiy Koreya hayotiga bir tahlil nazarimizni tashlab ko‘raylik. Koreyaning bugungi ilg‘orligining siri nimada? Bu borada ko‘rgan-kechirganlarimdan ayrim xulosalarga kelyapman.

Agar keksa koreyaliklar bilan gaplashsangiz ular ham yaqin-yaqingacha zoriqib yashagan ekan. Xorijda ishlab, guruchini amallab topib yegan xalq ekan. Endi esa dunyoning turli burchaklaridan bu zaminga ishchilar yopirilib kelyapti. Nega?

Ish ko‘p, ishlab chiqarish ko‘p, shunga yarasha maosh, sharoit.

Koreya hukumati aholining turmush darajasini ko‘tarish, bexavotir yashash, bemalol ishlash, o‘sish uchun keng imkoniyatlar yaratib berganini ko‘ryapmiz. Xizmat ko‘rsatish sohalari haqiqatda xalqning dastyori. Transport deysizmi, pochtami, tibbiy xizmatmi, xullas, hamma-hammasi inson uchun. Deylik, bankka ishingiz tushdi, ishingiz yengillik va zudlik bilan hal qilinadi. Yoki qo‘riqlash xizmatlarini olaylik. Ular kerakli paytda, joyda va vaziyatda hozir bo‘lishadi. Boshqa payt aholining tinchini buzmaydi. Ishlarini aql va tadbir, texnika bilan olib boradi.

Janubiy Koreyada piyoda yurgan polisiya xodimini uchratmadim. Birovni yo‘ldan, ishdan qo‘yib hujjat so‘raganlarni ko‘rmadim. Shuning barobarida jinoyatlarga ham duch kelmaysiz. Ashyolaringizni bemalol ko‘chada qoldirib ketavering, birov tegmaydi. Yo‘l qoidalarini ham asosan biz xorijliklar buzamiz.

Bir do‘stim aytib bergandi: Dam olish kuni sherigim bilan kabob pishirmoqchi bo‘ldik. O‘tin yorish kerak edi. Zavod ichida bolta bor edi, eshikni amallab ochdik-da boltani olib chiqdik. Yeng shimarib endi ishga kirishgan ham edik, maxsus mashina hovliqib kirib keldida, qo‘riqlash xizmati xodimlari bizni so‘roqqa tuta ketdi. Vaziyatni tushuntirdik, zavod direktoriga xabar qilishdi. U kelib vaziyatni oydinlatdi...

Bizning xalqimizga ham mehnatkashlik borasida yetadigani kam. Lekin biz hali-hanuz bilagimizga, buyruqbozlikka zo‘r berib ishlayapmiz. Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur , degan ham bizning donishmand xalqimiz. Ammo zamonning kayfiyati, imkoniyatlari, texnikasi, ilmi-hunarini hayotimizga yetarlicha olib kirolganimiz yo‘q hali, afsus. To‘y-hashamlarga sarflaydigan pulimizni ro‘zg‘or uchun, qishloq xo‘jaligi, chorva va boshqa qo‘limizdagi imkoniyatlarni ishga solish uchun kerak bo‘ladigan texnika va asbob-uskunalar sotib olishga sarflasak, oz mehnat bilan ko‘p natijaga shubhasiz erishgan bo‘lardik. 10 yil yiqqan pulimizni bir kechada havoga sovurmay, biror maydaroq texnika olsak, kamida 10-15 yil xizmatimizni qiladi. Chetdan, masalan, Xitoydan kirib keladigan mahsulotlarni o‘zimizda ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan odamlar nima bilan mashg‘ul? Dabdabali to‘y qilish, uyini har yili buzib-qurish bilan. Koreyada ishlab yurgan aksar yigitlarimiz ham topgan pulini hashamatli uy qurishga sarflashadi. So‘ng uning rasmini koreys hamkasblariga ko‘rsatib maqtanadi. Koreys bechora boshini changallaydi, Shuncha yil ishlab topgan pulingni bitta uy qurishga sarfladingmi?! , hayron bo‘ladi, ba’zan ochiqchasiga ahmoq ekansan , deb qo‘yadi.

Men zavodimiz boshlig‘ining uyiga borgandim. Hamma qatori ko‘p qavatli uyda yashaydi... Keling, u haqda gapni tanishgan kunimdan boshlay qolay.

Yoz oylarida zavodda ish kamayib toqqa chiqib ketamiz. Birinchi borgan kunim esimdan chiqmaydi. Bir kishi bizga ish buyurib, ish o‘rgatib, o‘zi ham tengma-teng ishlab yurdi. Changga belanish kerak bo‘lsa changga, loyga belanish kerak bo‘lsa loyga belandi. Kechga yaqin bildim uning kimligini. U biz ishlaydigan beton mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod va xuddi shunday yana uchta zavodning, dam olish maskani, restoran, kafelarning egasi ekan. Ko‘rinishidan ellik yoshdan nari-beri oshganga o‘xshaydi, ammo g‘ayrati yosh yigitlarda yo‘q. O‘zi 70 yoshdan oshgan ekan. Deyarli har kuni ishning boshida, tinmay mehnat qiladi (Hayron qolaman, boshliq degan odam majlisma-majlis, to‘yma-to‘y yurishi kerak emasmi?). Tushlikni ham ko‘pincha ishchilar bilan birgalikda qiladi. Erta sahardan kelib qorong‘i tushgach ketadi. Ba’zan talabchanligi bois yomon ko‘rib ketsakda, ora-sira iltifot qilishni ham qoyillatadi. Ajablangan jihatlarimdan biri, qo‘lidan kelmaydigan ish, ishlatolmaydigan asbob-uskuna yo‘q. Ikir-chikir yumushlarni ham miridan sirigacha biladi. Fantaziyaga boy, dam olish maskani uning ijodi bilan yil sayin yangilanib boryapti. U shaxsan menga bilmayman deyishni taqiqlab qo‘ygan, bilsam-bilmasam buyurilgan ishni uddalashim shart. Xato qilishdan qo‘rqmaslikka, urinib ko‘rish, buzilsa tuzatish, natijaga erishishga o‘rgatadi. Ishchilar fikri bilan qiziqadi, yaxshi fikr, g‘oya beradiganlarni yaxshi ko‘radi. Xullas, undan o‘rnak olsa bo‘ladigan jihatlar ko‘p.

Janubiy Koreyaning rivojlanish sabablari talay. Shulardan biri xalqining mehnatsevarligi, ishini puxta qilishi va tartib-qoidalarga rioya etishlarida. Masalan, men ishlagan bir korxonada kecha-yu kunduz ish to‘xtamaydi. Kunduzi ishlaydiganlar qat’iy tartibda ertalab 08:00 dan kechqurun 19:00 gacha, tungi ishchilar 19:00 dan 07:00 gacha bir dunyo mahsulot ishlab chiqarishadi. Ish vaqti tugagach hech kim majburlab ishga olib o‘tirilmaydi.

Yana bir o‘rgansa bo‘ladigan jihat, bu yerda aholining har turli zaruratlari hisobga olingan. Xalqdan stress olib qo‘yilgan. Ishlab chiqaruvchilar odamlarning eng mitti ehtiyojlarini ham hisobga olishadi. Masalan, oddiygina tirnoq olgichda tirnoqlar har yoqqa to‘zib ketmasligining ham chorasi ko‘rilgan.

Eng arzon mahsulotlari ham sifatli. Bunga ishlab chiqarishning ko‘pligi, raqobat boisdir balki. Kiyim-kechak, avto-ulov kabi narsalar bu yerda arzimas ashyolar ( masalan, bir oylik maoshingizga durustgina mashina olib minishingiz mumkin), odamlarning diqqat markazida ekani ko‘zga tashlanmaydi.

Hukumat idoralari, qonunlar, qonunlar ijrosi xalq manfaatlariga qaratilgan davlatda xalq nima bilan mashg‘ul bo‘ladi, ayting-chi?

Ish bilan. Hammaning diqqat-e’tibori ishga qaratilgan. Ekin maydonlariga chiqsangiz, bu mamlakat ziroatga; zavod-fabrikalariga kirsangiz, sanoatga; savdo-sotiqni ko‘rib tijoratga ixtisoslashgan deb o‘ylaysiz. Hamma o‘z ishi bilan band. Har kim o‘z ishining ustasi. Ha, bir misol. Zavodimizga tez-tez tekshiruvchilar kelib turadi. Ishchilar ish formasidami, texnik xavfsizlik anjomlari joyidami, ularga rioya qilinyaptimi... tekshirib turishadi. Nazoratchilarning atrofida birov parvona bo‘lmaydi, ularga xushomad qilinayotganini ko‘rmaysiz. Keladi, ko‘radi, ketadi...

Xullas, bu o‘lkaning har bir qarich yerida ish qizg‘in. Natijada...

Natijada davlat kun sayin taraqqiy etyapti, kundan kunga boyiyapti. Davlat ham o‘zi, ham xalqi uchun ishlayapti. Xalq ham. Ikkisi bir butun. Et bilan tirnoq.

Qizig‘i, bizga o‘xshagan xorijlik ishchilar ham mehnatimiz evaziga 10 so‘m foyda ko‘rsak, bu mehnatdan Koreya mamlakati kamida 90 von foyda qozonyapti. Hozir ming-minglab zabardast hamyurtlarimiz dunyoning turli mintaqalarida kuchi, aqli, ilmi, hunari, umrini sarflab yuribdi (Shunday o‘zbek yigitlarini ko‘rdim, uzluksiz, dam olmasdan 24, 36, 48 hatto 60 soatgacha ishlaydi). Va bu safarbarlik evaziga o‘z mamlakatimizga bir so‘m, oilamiz uchun 9 so‘mlik naf keltirayotgan bo‘lsak, huzurimizni o‘zga, begona davlatlar ko‘ryapti. Koshki edi, peshona terlarimiz kindik qonimiz to‘kilgan boy tuproqlarga sochilganida!

Qani edi, o‘z Vatanimiz bizdan bir so‘m emas, 91 so‘m foyda ko‘rib baraka topganida!

Ammo ayni natijaga erishish uchun musofir yigit-qizlarimizning qulog‘iga lag‘mon, bo‘yniga arqon bilan qaytarib kelish-la ish bitib, chigal yechilib qolmaydi.

Nima qilish kerak?

Et bilan tirnoq bo‘lish kerak!

Bir butun bo‘lish kerak!

Kurashish kerak!

Erishish kerak!

********

Koreyani ko‘klarga ko‘tarib kimningdir havasini oshirib, kimningdir ensasini qotirib qo‘ygandirman. Maqsadim faqat va faqat yaroqli xulosa chiqarish. Men ulardan o‘rgansa bo‘ladigan o‘rinlarnigina qisman yozdim, xolos. Hafsalani pir qiladigan odat va hayot tarzlarini bitsangiz ham bitmas kitob bo‘ladi. Lekin bundan kimga nima naf?

O‘n yil ilgari Misr Arab Respublikasining Qohira universitetining til va adabiyot fakultetida tinglovchi sifatida biroz muddat tahsil olgan edim. Shu davrda ham ko‘pgina millatlar bilan tanishgan edik. Koreyada ham turli tuman kishilarning dunyosi bilan yuzlashyapman.

Ammo o‘zimizdagi mehr-u oqibat taftini, o‘zgalar xafa bo‘lmasinlar va mubolag‘aga yo‘ymasinlar-ku, hech qayerdan, hech kimdan topa olganim yo‘q!

Oh! Ana shu sof yurakli xalqning bir quchoq avlodlari bugun dunyoda sarson-sargardon bo‘lib yuribdi! Tirik ketib, o‘lik qaytganlari; butun ketib, yarim qaytganlari; qaytmaganlari... bor!

Farzandlaringga ega chiq xalqim!

Xalqingga ega chiqqin, Davlatim!

O‘zbekiston! Biz qayerda bo‘lmaylik, Sening tuprog‘ingga talpinaveramiz! Kun sanaymiz, soat sanaymiz...

In shaa Alloh, bir kuni bag‘ringga qaytamiz!..

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!