Misr anjumanida eng yirik ulamolar qatnashmoqda

Misr anjumanida eng yirik ulamolar qatnashmoqda

15 oktyabr kuni Misrdagi Butundunyo fatvo hay’ati tomonidan tashkil etilgan “Fiqhiy ixtiloflarning madaniy boshqaruvi” nomli xalqaro anjuman Misr muftiysi Shavqiy Ibrohim Allomning kirish so‘zi bilan boshlandi. Unda butun dunyodan borgan fatvo bo‘yicha olimu ulamolar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Xomidjon Ishmatbekov ham ishtirok etmoqda.
Anjumanda Misr Arab Respublikasi Adliya vaziri Husam Abdurrahim, Iordaniya Hoshimiylar mamlakati bosh muftiysi Muhammad al-Xolayila, Falastin davlati qozilar qozisi Mahmud Sidqiy al-Habbosh, Jazoir Islom Oliy Majlisi raisi Buabdulloh Bug‘ulomulloh, Iroq sunniy vaqf devoni raisi Abdullatif al-Hamim, Senegal davlati prezidenti maslahatchisi Mansur Niyos kabilar ham nutq so‘zladi.
Al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib bemorligi uchun ishtirok eta olmadi. Uning nomidan tabrik so‘zini Islomiy tadqiqotlar akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Iyod o‘qib berdi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman o‘z ishini sho‘’ba majlislarida davom ettirib, birinchi sho‘’ba majlisi mavzusi “Fiqhiy ixtiloflarning madaniy boshqaruvi nazariyasi” deb nomlandi. Unda al-Azhar ulamolari kengashi a’zosi Ali Juma, Livan davlati Muftiysi Abdullatif Daryon, Abu Dabi shahridagi Toba muassasasi raisi al-Habib Ali al-Ja’fariy, Livan akademiyasining islomiy fanlar kafedrasi ustozi Rizvon as-Sayyid, Misr fatvo idorasining fatvolar bo‘yicha kotibi Majdiy Muhammad Oshur va boshqalar nutq so‘zladi.
Shuningdek, Butundunyo fatvo hay’atlari va idoralari bosh kotibiyati Oliy hay’atining majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mazhablar o‘rtasidagi ixtilofiy masalalar musulmonlarni o‘rtasida ziddiyat chiqishiga sabab bo‘lmasligi kerakligi balki, musulmonlarning muammolarini yechishda yordamchi bo‘lishi, ularning birlashishi va o‘zaro hurmatlarini oshishiga xizmat qilishi lozim ekani aytib o‘tildi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Ummatimning ixtilofi Allohning rahmatidir” degan hadislari eslab o‘tildi. Ayni paytda turli xildagi ekstremistik kayfiyatdagi guruhlar ixtilofli masalalardan musulmonlarning o‘rtasini buzishda foydalanmoqdalar. Shuning uchun chiqariladigan fatvolarni o‘zaro kelishgan holda chiqarishga erishish lozimligi aytib o‘tildi.
Anjuman ishi davom etmoqda.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!