«Mendek aslzoda odam turganida...»

«Mendek aslzoda odam turganida...»

Abu Jahlning asl ismi Amr edi. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni «yolg‘onchi» deydiganlardan emasdi. O‘zidan «Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) yolg‘on so‘zlayaptimi?» deya so‘raydiganlarga:

– U aslo yolg‘on gapirmaydi, u yolg‘onchilardan emas, – derdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni «Al-Amin» deya chaqiradiganlardan edi.

– Xo‘sh, – deyishardi og‘aynilari Abu Jahlga, – modomiki uning yolg‘on gapirmayotganiga amin ekansan, nega unga ishonmaysan?

– Nega ishonmas ekanman! – kalovlanardi Abu Jahl. – Men uning og‘zidan chiqqan har bir gap to‘g‘ri ekaniga ishonaman!

– Unda nega Islomni qabul qilmayapsan?

Siz Abu Jahlning shu savolga bergan javobiga e’tibor bering-a, qanchalar katta ibrat bor bu javobda biz ojizlar uchun:

– Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) to‘g‘ri gapirayotganiga aqlim yetib turibdi, lekin menga bir narsa hech tinchlik bermaydi: mendek aslzoda, badavlat odam turganda Yaratganning uni payg‘ambar etib tanlaganini hech hazm qilolmayman, shunga ichim yonadi! Nega men emas, deyman! Nega men emas?!

Ayni shu jumla sizga ham tinchlik bermay qo‘yadi-a goh-gohida? Kibr va g‘urur aqlingizni mahv etganida, kimlarningdir obro‘si, martabasi, yutug‘i, aqli siznikidan ortiq ekanini hazm qilolmay qolganingizda, shu shaytoniy fikr qalbingizni zaharlaydi. Aynan u aslzoda Amrni shakkok Abu Jahlga aylantirgan edi, hushyor bo‘lmasangiz, sizni ham navbatdagi «Abu Jahl»ga aylantiradi... Kibringizdan ehtiyot bo‘ling!

Dilfuza KOMIL,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!