“Ma’rifat”siz qolgan muallimlar

“Ma’rifat”siz qolgan muallimlar

Umumiy qozon muammoga yechim bo‘la oladimi?

Oldindan aytib qo‘yay: majburiy obunaga qarshiman va vaqti-zamonida, bundan besh-olti yil ilgariyoq bu haqda yozganman: majburiy obuna mamlakatda so‘z erkinligi bo‘g‘ilgani uchun badaldir, deb. Ya’nikim, matbuot o‘n ikki oy mum tishlab yurgani uchun yilda bir marta og‘ziga novvot tashlab qo‘yilgan. Mashhur kinoda aytilganidek: Ishlamagan tishlaydi!.. O‘rgan, student!

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanmay qo‘ymasligini o‘tgan obuna mavsumi yana bir karra isbotladi. 2017 yil adog‘ida duch kelingan qiyinchiliklar, keyingi paytda uyushtirilgan majburiy obunaga qarshi kampaniyaning ilmoqli ishoralaridan matbuotimiz darg‘alari yetarli xulosa chiqara oldi, desak adashamiz. Yangi yil boshida O‘zA e’lon qilgan gazeta adadlari ma’lumotnomasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim nashrlarda majburiy obuna imi-jimida, allaqanday yo‘llar bilan amallangan (atayin nomma-nom sanamadim, bosh muharrirlarning yuzi issiq). Ba’zi rahbar jurnalistlar esa oxiri nima bo‘lar ekan, deb vaziyatni chetdan kuzatdi yoki gazeta kimga kerak bo‘lsa, o‘zi chiqarib oladi, deganday beparvo qaradi. Tahririyatni iqtisodiy ta’minlashning majburiy obunadan tashqari ham yo‘li bordir, deya necha odam bosh qotirdi, shundan nechovi muqobil chorani topa oldi? O‘zA ro‘yxatida ko‘rsatilmagan, chunki yetarli tiraj to‘plolmagani bois 1-soni chiqmay qolgan respublikanskiy gazetalar ham bor ediki, ularga qarata ijtimoiy tarmoqlarda trendga aylangan Uyat! Uyat! degan gapdan boshqa nima ham deyish mumkin?!

Meni eng hayratlantirgan va achintirgani Ma’rifat gazetasining adadi edi 12 700! Yaqin yillarda sakson mingning tagiga borib qolardi bu raqam. Yana-tag‘in, O‘zbekiston xalq ziyolilarining nashri emish- a! Maorif tizimida yarim million atrofida odam ishlaydi. Nahotki atigi besh foizi asosiy ta’lim nashriga obuna bo‘lmagan bo‘lsa?! O‘qituvchilar eng o‘qimishli qatlam emasmi axir?! Ayrim tizimlar nashrining tiraji bu yil ham chakana emas, endi qiyoslab ko‘raylik: qaysi sohada ko‘proq xodim bor? Shunday tang vaziyatda ham nisbatan yirik adadda chiqayotgan jiddiy gazetalar obunasining qancha qismi ta’lim muassasalari hisobiga to‘g‘ri keldi ekan?..

Sezib turibman, miyangizda ishtibohlar g‘imirlamoqda. Gap Ma’rifat ning mazmuniga, foydalilik darajasiga taqalsa, bundan ko‘ngilni to‘q tutishga asos bor. O‘zim shu tahririyatda necha yil xizmat qilib, undan ham ko‘proq yillar oddiy gazetxon sifatida kuzatib borib, ayniqsa, chinakam ziyoli pedagoglar fikr-mulohazalarini eshitib, Ma’rifat ni har bir o‘qituvchi o‘qishi kerak bo‘lgan nashr, deya bemalol ayta olaman. Hozircha uning o‘rnini bosadigan na sayt bor, na boshqa vosita. Ayniqsa, Xalq ta’limi tizimidagi islohotlar va muammolar, rasmiy hujjatlar, zamonaviy pedtexnologiyalar, ilm-fandagi yangiliklar, darsliklarga qo‘shimcha ma’lumotlar, tarbiyaviy materiallar... eh-he, hamma-hammasi o‘qituvchining qo‘liga tayyor qilib tutiladi. Olsa, o‘qisa, darsiga tatbiq qilsa bo‘lgani.

Gazeta tiraji bunchalik tushib ketishining ko‘pgina omillarini sanash mumkin:

a) axborot olishning muqobil yo‘llari ko‘paygani (lekin hech biri informasion to‘qayda yo‘l ko‘rsatish , eng ishonchli va foydali ma’lumotlarni saralash vazifasini o‘tay olmaydi);

b) matbuot tarqatish tizimidagi muammolar (obuna bo‘lding nima-yu, bo‘lmading nima farqi yo‘q, baribir gazeta yetib bormaydi yoki haddan tashqari kechikadi);

v) nashrning auditoriya ehtiyojini nechadir foiz qondira olmasligi ehtimolini ham kiritish mumkin (Ilgari o‘qituvchilardan nima e’tirozlaring bor, deb so‘rasak, tanqid bermaysizlar, derdi. Zamona zayli-da , deb egnimizni qisardik, keyingi ikki yilda so‘z erkinligi epkinlari esa boshlagach, ijodiy jamoa buning hissasini chiqardi, chamamda. Qolaversa, bugungi ko‘plab o‘qituvchilar fikrlashga erinishini, og‘ziga chaynab berilishiga moyilligini , tayyor dars ishlanmalari bosilsa-yu, shaxsiy yig‘ma jildlariga lo‘p etib solib qo‘yishni xohlashini aytishga majburman);

g) eng asosiy sabab bu yil biz ho‘lu quruqni baravar yondirdik, shunaqangi kampaniya uyushtirdikki, hammaning xayolida go‘yoki obuna bo‘lish katta jinoyatdek tuyula boshladi , oqibatda endi bir yil muallimlar Ma’rifat siz qolmoqda (qariyb 10 mingta maktabga qariyb 13 mingta gazeta nechtadan to‘g‘ri kelishini hisoblab olavering; yanayam lisey-kolleju institut-universitetni sanoqqa kiritmayapmiz) ;

d) psixologik omilni-da nazardan qochirib bo‘lmaydi, yillar davomida moliyaviy majburlab kelingan o‘qituvchilar burgaga achchiq qilib, ko‘rpasini ham yoqdi.

Nima bo‘lsayam, baribir O‘zbekistonning yarim millionlik pedagoglar armiyasi sha’niga, saviyasiga iliq so‘zlar aytib bo‘lmaydi. Bir yil o‘tib, to‘lqin yana ortga qaytsagina, hamma aybni psixologik omilga to‘nkash mumkin...

Shunaqa o‘y-fikrlar bilan qovurilib yurganimda regulation.gov.uz saytida Xalq ta’limi tizimidagi ommaviy axborot vositalari rolini yanada oshirish to‘g‘risida gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Keyingi paytda qaysidir sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarmi yoki qo‘shimcha chora-tadbirlarmi to‘g‘risida qaror- paror chiqqudek bo‘lsa, bunaqa xabarlarni eshitishdan yurak hovuchlab qoldi xalqimiz: ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da- a, deb. Shu kayfiyatda matn bilan tanisha boshladim. Nima emish, Xalq ta’limi nashriyotlari (?) DUKmish. O‘zlaringni kulgiga qo‘ymasdan birorta savodli jurnalistning nazaridan birrov o‘tkazib olsalaring bo‘lmaydimi, deydigan vallomat topilmabdi. Nashr va nashriyot ning farqini ajrata olmaydigan vazirlik o‘nlab gazeta-jurnallar ustidan qanday siyosat yurgizmoqchi hayron qolasan kishi.

Oliyjanob maqsadlar shunaqangi tizib chiqilganki, beixtiyor ko‘ziga yosh keladi odamning. Ayniqsa, Toshkent shahriga doimiy propiska va imtiyozli ipoteka kreditlari ustida so‘z ketganda... jurnalist bechora larning ham manglayiga oftob tegadigan bo‘libdi-ku deya, Keldi zamon, o‘ynang ga raqs tushib ketishingiz ham hech gap emas (O‘zA bu haqda suyunchilab ulgurdi, o‘zi). Ammo, lekin, biroq... matbuot erkinligini bunaqa arzongarovga pullab bo‘lmaydi, bir-ikki odamning shaxsiy manfaati deb iqtisodiy mustaqillik bilan xayr-xo‘shlashish, moliyaviy bo‘yinturuqqa bosh suqib berish yaramaydi!

Gapning po‘stkallasi shuki, respublikamiz aholisining... tizimli ravishda to‘g‘ri, asoslantirilgan va mavzuviy axborotlar bilan ta’minlanishini tashkil etish, ... nashrlarda boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, ularda samarali marketing faoliyatini yo‘lga qo‘yish... , Prezidentning falon-falon qarorini bajarish kabi boloxonador maqsadlar ko‘rpasi tagida Xalq ta’limi vazirligining talay yillardan beri amalga oshmay kelayotgan armoni bijg‘imoqda katta auditoriyaga ega ta’limiy nashrlarni jilovlab olish, byudjetdan tashqari mablag‘ topish manbaiga aylantirish. Shu reja yetti boshli ajdar kabi o‘lim bilmaydi, yil osha qandaydir yo‘llar bilan yana kun tartibiga chiqib qolaveradi bunga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Qaror loyihasi matnining satrlari orasidan hammasi qo‘limizga o‘tsin, majburiy obuna qilishni, katta tiraj yig‘ishni ko‘rsatib qo‘yamiz ko‘zlaringga, degannamo ayyor nigoh mo‘ralab turibdi. Qolaversa, vazirlikning qo‘liga qarab qolgan nashrlar tizimdagi haqiqiy ahvolga ko‘zgu bo‘lolmasligi tayin, bosh muharrirlar ham moliyaviy manbaning qosh qovog‘iga mo‘ltirab ish tutishga majbur bo‘ladi. Aks holda, itoatkor boshqa jurnalistni topish bugun hech muammo emas.

Yoshi ulug‘ jurnalistlar yaxshi eslaydi, biz ham oxirgi oqovalarini ko‘rib qolganmiz, bir paytlar gazeta-jurnallarning qozoni Kelinlar qo‘zg‘oloni spektaklidagi kabi umumiy edi. Sosializm prinsiplaridan kelib chiqilgan-da. Bozor mexanizmlariga o‘tilgani sayin bunday nomaqbul yondashuv eskirgani o‘z-o‘zidan ayon bo‘la boshladi va tahririyatlar birin-ketin moliyaviy mustaqillik yo‘lini tanladi. Jamiyatimizning barcha jabhalariga innovasiyalar tatbiq etilayotgan bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi unutilgan eskilikdan innovasion yangilik yaratishga, ta’lim nashrlarini yana kolxozlashtirish ga harakat qilmoqdami?! Buni gazeta-jurnallar misolida Kelinlar qo‘zg‘oloni 2 spektaklini sahnalashtirish deb baholasak bo‘lar, balki...

Maqolani gorizontaliga emas, vertikaliga o‘qiydiganlar uchun butun fikrlarimni lo‘nda qilib xulosa yasayman: Matbuot iqtisodiy mustaqil bo‘lmas ekan, ijodiy mustaqil ham bo‘la ol-may-di!

Farrux JABBOROV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!