Lukashenko ko‘p ovoz oldi, xalq esa uning iste’foga chiqishini istamoqda

Lukashenko ko‘p ovoz oldi, xalq esa uning iste’foga chiqishini istamoqda

Belarusda kecha, 9 avgust kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, Lukashenko 81 foiz, Tixanovskaya esa 8 foiz ovoz olgan.

Ammo belarusliklar bunday natijadan norozi bo‘lib, ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazmoqda.

Belarusda internet bilan bog‘liq cheklovlar paydo bo‘ldi, OAVlarning saytlari bloklanib qoldi, Telegram va Viber kabi servislar ham juda yomon ishlayapti, aholi VPNdan foydalanmoqda.

Aholi va harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Portlash va o‘q ovozlari eshitilgan, harbiylar namoyishni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv purkagichlardan foydalanmoqda, ayrim joylarda aholini kaltaklamoqda. Internetda ushbu to‘qnashuvlar jarayonida vafot etganlar borligi haqida xabarlar tarqaldi.

Ayrim joylarda aholi jo‘r bo‘lib harbiylarga qarata «Xalqni himoya qil» deya baqirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolardan ko‘rinadiki, Kobrin shahrida harbiylar aholiga qarshi bormaslik uchun qurollari va qalqonlarini tushirgan, bu esa aholi tomonidan olqishlar bilan kutib olingan, hatto odamlar qurolini tushirgan harbiylarni quchoqlab, rahmat aytishgan.

Saylovlarda 2-o‘rinni olgani aytilayotgan Svetlana Tixanovskaya milisiya va harbiylarga murojaat qilib, kuch ishlatmaslikni iltimos qildi: «Men milisiya va harbiylarga ular ham xalqning bir bo‘lagi ekanligini eslatmoqchiman. Shuningdek, saylovchilarimdan ham iltimos - provokasiyani to‘xtating, sizga nisbatan kuch ishlatish uchun sabab qoldirmang.  Bilaman, belarusliklar ertaga yangi davlat uyg‘onadi va umid qilamanki, ertaga faqat yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Iltimos, zo‘ravonlikni bas qiling. Ofiserlar, bilaman, bu qo‘lingizdan keladi», dedi u.

Hozirga kelib, namoyishlar ancha tinchigan, faollik kamaygan, odamlar uylariga tarqalgan.

Belarusdagi saylovning yakuniy natijalari 14 avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!