Jasur qizaloq ikkinchi sinf o‘quvchisini timsohdan qutqardi

Jasur qizaloq ikkinchi sinf o‘quvchisini timsohdan qutqardi

Keniyada qizaloq akasi yordamida timsoh hujumiga duch kelgan ikkinchi sinf o‘quvchisini qutqarib qoldi. Bu haqda Kenyans.co.ke. veb-sayti xabar bermoqda.

Lesabato Tirenga do‘stlari bilan Baringo ko‘liga suv olish uchun kelganida ularga to‘satdan timsoh hujum qildi va qo‘lidan tutib oldi. 12 yoshli Betti Lovar unga yordamga shoshildi va yirtqich uning sonidan tishladi. Shu yaqin orada yurgan akasi, 14 yoshli Kemboi Lavaar ham hayot-mamot jangiga o‘zini urdi. Ular timsohni tayoq bilan urib, odamlarni yordamga chaqirishdi.

Odamlar baqir-chaqirga yugurib kelishganida, timsoh allaqachon suzib ketgan edi. Jabrlanganlar mahalliy kasalxonaga yetkazildi. Betti va Kemboy yengil jarohatlar bilan oson qutulishdi va tez orada uylariga qaytishdi. Ammo Lesabato og‘ir jarohat olib, tuman markaziy kasalxonasiga o‘tkazildi.

Nil timsohlari Keniyada keng tarqalgan. Ularning bo‘yi besh metrgacha o‘sadi va o‘ta tajovuzkor bo‘lib, hatto qora karkidon, begemot, jirafa, Afrika buyvoli va sher kabi yirik hamda kuchli hayvonlarga bas kela oladi.

2018 yilda Viktoriya ko‘lidagi orollarda baliqchilikka ixtisoslashgan qishloqlar aholisi timsohlar bosqini tufayli uylarini tark etishayotgani haqida xabar tarqalgan edi. Mahalliy hukumat vakilining aytishicha, ko‘plab odamlar, shu jumladan, yetti nafar bola sudralib yuruvchilar qurboni bo‘lgan.

G. XOLDOROVA tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!