Jamoat transportida imtiyozli yurish kartasini berish bo‘yicha reglament tasdiqlandi
Hukumat qarori (16.09.2022 y. 507-son) bilan Shahar yo‘lovchilar transportida (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
✅ Reglamentga muvofiq, quyidagi shaxslarga imtiyozli transport kartasi beriladi:
🔹1941–1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar;
🔹1941–1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
🔹1941–1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
🔹Afg‘oniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
🔹haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
🔹Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
🔹ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.
📝 Imtiyozli transport kartalarini olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilinadi.
🗓 Vakolatli organ arizani 2 ish kunida o‘rganib imtiyozli karta berish yoki uning berilishini rad etish haqida murojaat qiluvchiga ma’lumot yuboradi.
⚠️ Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi, imtiyozli karta cheklanmagan muddatga beriladi.
🔰Qarorga muvofiq, imtiyozli transport kartalarini berish bosqichma-bosqich:
▫️Toshkent va Samarqand shaharlarida – 2023 yil 1 yanvardan;
▫️respublikaning barcha shaharlarida – 2023 yil 1 maydan amalga oshiriladi.
☑️ Eski namunadagi guvohnomalar 2023 yil 1 sentyabrgacha o‘z kuchini saqlab qoladi.