Italiya badavlat xorijliklarga soliqni ikki baravar oshirdi

Italiya badavlat xorijliklarga soliqni ikki baravar oshirdi

Italiya Iqtisodiyot va Moliya vazirligi kecha, 7 avgust kuni badavlat xorijliklar uchun yillik qat’iy soliq miqdori ikki barobarga ko‘paytirilib, 200 ming yevroga yetganini e’lon qildi.

Ko‘tarilgan stavka faqat Italiyaga ko‘chib o‘tayotgan yangi chet elliklar uchun amal qiladi. Italiyada soliq rezidentiga aylangan xorijliklar uchun imtiyozli soliq rejimi 2017 yildan beri mavjud. Yagona soliq to‘lash yangi rezidentni boshqa ko‘plab soliqlardan, shu jumladan, xorijiy daromad va meros solig‘ini to‘lashdan ozod qiladi. Ushbu chora, o‘z navbatida, to‘qqiz yildan ortiq chet elda yashab, mamlakatga qaytgan italiyaliklarga ham tegishli hisoblanadi.

Texnik jihatdan bir turdagi soliq barcha xorijliklar uchun amal qiladi, lekin boshidanoq bu “boylar solig‘i” yoki “futbolchi solig‘i” sifatida tilga olingan (eng mashhur soliq to‘lovchilardan biri Krishtianu Ronaldu bo‘lib, u “Yuventus” tarkibida o‘ynagan kezlari Italiyada soliq rezidenti bo‘lgan).

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan 2022 yilgacha bu soliq turi mamlakat g‘aznasiga 254 million yevro olib kelgan.

Bloomberg agentligining xabar berishicha, ushbu sxemadan 4 mingdan ortiq kishi foydalangan. Qolaversa, Financial Times’ning ta’kidlashicha, ushbu sxema Italiyaga kamida 2730 multimillionerni jalb qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!