Iqtisodiy o‘sish moliya sektoriga bog‘liqmi yoki aksincha?

Iqtisodiy o‘sish moliya sektoriga bog‘liqmi yoki aksincha?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Markaziy Osiyo mamlakatlarida moliyaviy sektor rivojlanishi va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi.

Tadqiqot davomida moliyaviy xizmatlar taklifining ortishi iqtisodiy o‘sishga olib keladimi yoki iqtisodiy o‘sish moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan qo‘shimcha talabni yuzaga keltirib, moliyaviy sektor rivojlanishiga sabab bo‘ladimi, degan savolga javob berildi.

Dunyo mamlakatlarida moliya sektori va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik turlicha bo‘lgan. Masalan, Shotlandiya, Belgiya, Rossiya va Yaponiyada moliyaviy sektor sanoatlashishni jadallashtirishga xizmat qilgan bo‘lsa, Angliya, Germaniya va Fransiyada sanoatning rivojlanishi moliyaviy sektor rivojlanishiga olib kelgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari misolida o‘tkazilgan tadqiqot natijasida quyidagilar aniqlandi:

Markaziy Osiyo davlatlarida moliyaviy sektorning rivojlanishi shunchaki iqtisodiy o‘sish natijasi emas, balki uning sababidir. Moliyaviy sektor rivojlanishining 1 foiz punktiga ortishi iqtisodiyotning 0,5-2,5 foizga oshishiga olib kelgan.

Ya’ni, moliyaviy sektorning rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishi o‘rtasidagi bir tomonlama bog‘liqlik mavjud. Banklar tomonidan beriladigan kreditlar iqtisodiy o‘sishga olib kelgan, lekin iqtisodiy o‘sish moliyaviy xizmatlarga qo‘shimcha talabni shakllantirishga xizmat qilmagan. Bu moliya bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi, pul mablag‘larini ushbu sektorga qayta jalb qilishda vositalarning yetishmasligi va jamg‘armalarni jalb qilish darajasining pastligi bilan bog‘liq.

Ta’kidlash joizki, keyingi bosqichda yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga o‘tish uchun moliya sektorini yanada rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishning moliyaviy xizmatlarga qo‘shimcha talabni shakllantirishini ta’minlash kerak. Buning uchun moliyaviy ommaboplikni orttirish talab etiladi.

Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

O‘zbekistonda dastlab moliya bozorini rivojlantirishga e’tibor berilib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM miqdori ma’lum bir chegaraga ($2800) yetganidan so‘ng, jamg‘armalarni rasmiy moliya sektoriga jalb qilishga alohida ahamiyat qaratilishi lozim.

Moliya bozorini rivojlantirish bilan bir qatorda investision banklarni tashkil etish va turli risk darajasiga mos ravishda foyda keltiradigan moliyaviy vositalarni ko‘paytirish kerak. Natijada bo‘sh turgan mablag‘larni rasmiy moliya sektoriga qayta yo‘naltirish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!