Hindiston Xitoy bilan chegarani mustahkamlamoqda

Hindiston Xitoy bilan chegarani mustahkamlamoqda

Hindiston Xitoy bilan chegara hisobidagi Ladakxda, amaldagi nazorat chizig‘iga bir necha piyodalar batalyonini olib borib joylashtirdi. Bu haqda “Times of India” gazetasi o‘z manbalariga tayanib yozgan.

Avvalroq Xitoy va Hindiston chegarachilari o‘rtasida tortishuv bo‘lib o‘tgani, natijada hind harbiylari qo‘lga olinib, tezda qo‘yib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, hodisa ikki davlat chegarachilari ishtirokidagi mushtlashuvdan so‘ng ro‘y bergan.

Bir necha kun oldin ushbu mamlakatlar aro chegara vazifasini o‘taydigan Ladakxga, amaldagi nazorat chizig‘iga har ikki tomon bir qator harbiy bo‘linmalarni joylashtirdi. Bunga 5-6 may kunlari tog‘ cho‘qqisidagi Pangong ko‘li atrofida yuz bergan to‘qnashuvlar sabab bo‘ldi. Hindiston OAV xitoylik harbiylar shu yaqin orada, Galvan daryosi bo‘yida bir necha chodir qurib, o‘rnashib olgani hamda qurilish ishlarini boshlab yuborganini yozishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ladakxga “Xalq-ozodlik armiyasi bilan to‘qnashuvlar joyi”ga ko‘chirilgan qo‘shinlarni ortdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha batalyonlar keltirilgan. Ittifoqdosh hudud poytaxti Lexe shahrida o‘rnashgan piyodalar diviziyasi bo‘linmalarining bir qismi "operativ tayyorgarlik hududlari" tomonga siljidi. Bu holat mazkur mintaqaga Hindistonning quruqlikdagi qo‘shinlari generali Manoj Mukund Naravane kelib ketgandan so‘ng yuzaga keldi.

Chegaradagi vaziyat taranglashishining rasmiy sabablari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, biroq Xitoy Depsang past tekisligi hamda Galvan vodiysiga olib boradigan va Karakorum dovonigacha ko‘tariladigan yo‘lning 255-kilometri qurilishi yakunlanganidan norozi.

Avvalroq XXR Tashqi ishlar vazirligi Hindiston harbiy xizmatchilari Xitoy chegara qo‘shinlariga Ladakx viloyatini qo‘riqlash va hududda operasiyalar o‘tkazishga to‘sqinlik qilayotgani haqida bayonot bergandi.

XXR va Hindiston o‘rtasida Kashmir shimolidagi tog‘li hududning bir qismi, shuningdek shimoli-sharqiy Arunachal-Pradesh shtatidagi qariyb 60 ming kvadrat kilometr maydon kimga tegishli ekanligi bilan bog‘liq azaliy kelishmovchilik mavjud. Amaldagi nazorat chizig‘i Ladakx mintaqasidan o‘tadi. 1962 yil kuzda ushbu kelishmovchilik chegara urushiga aylanib ketgan. 1993 va 1996 yillarda XXR va Hindiston o‘rtasidagi nizoli joylarda tinchlikni saqlash to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan.

Ikki davlat orasida so‘nggi yillardagi eng yirik to‘qnashuv 2017 yil yozida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Xitoy ishchilari nizoli hisoblangan Xitoy, Hindiston va Butan chegaralari kesishgan joy — Doklam platosi orqali avtomobil shosse yo‘lini yotqizishga kirishdi. Butan hukumati bildirgan protest Xitoy tomonidan e’tiborsiz qoldirildi. Keyin ishga Hindiston aralashdi: hind armiyasi xizmatchilari davlat chegarasini kesib o‘tishdi va qisqa to‘qnashuvdan so‘ng maydondan XXR harbiylarini surib chiqarishdi. Bir necha oy davomida Hindiston va Xitoy tashqi siyosat idoralari mas’ullarining maslahatlashuvlaridan so‘ng Doklamdagi kuchlarni tarqatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’lon qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!