Harbiylar sizlar bilan: Biz uchun uyda qoling!

Harbiylar sizlar bilan: Biz uchun uyda qoling!

Bugun dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida keng tarqalib borayotgan koronavirus (COVID-19) infeksiyasi afsuski, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi.

Agar biz koronavirusga qarshi birgalikda kurashsak, bu kasallikni, albatta, yengib o‘tamiz! Buning uchun mamlakatimizda kasallik tarqalib ketishining oldini olish maqsadida o‘rnatilgan qoidalarga qat’iy rioya qilishimiz shart.

Xitoy koronavirusning o‘chog‘i bo‘lishiga qaramasdan xalqning uyushqoqligi, birdamlikdagi harakati, karantinga qat’iy rioya qilishi, o‘rnatilgan tartib-intizomni muntazam ushlab turishi natijasida yaxshi tomonga o‘zgarayotganini ko‘rishimiz mumkin. Nahotki biz kasallikka chalingan juda kam sonli yurtdoshlarimizni davolab, virus tarqalib ketishining oldini olishga qurbimiz yetmasa? Albatta, yetadi.

2020 yil 24 martdan karantin munosabati bilan Toshkent shahriga kirish va chiqish, shahar hududida harakatlanishni chegaralash va belgilangan tartibni ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va bir qator davlat idoralari vakillari yordamga jalb qilindi.

Aholi muhofazasi uchun qilinayotgan bu kabi tadbirlar o‘z navbatida xalqimiz tomonidan ijobiy munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Zero, ushbu o‘tkazilayotgan tadbirlar yurtdoshlarimizning sog‘lig‘i va hayotining muhofazasiga qaratilganini barcha tushunib yetmoqda. Harbiylarimiz kechayu-kunduz hushyorlik ko‘rsatishib nafaqat Vatan tinchligi, balki aholi muhofazasi uchun ham xizmatda turishibdi.

Hurmatli yurtdoshlar! Sizlarning xavfsizligingizni o‘ylab qilinayotgan tadbirlarga befarq bo‘lmang, vatanparvar harbiylarimiz siz va sizning oilangiz tinchligi hamda salomatligi uchun shaydirlar! Ularning mehnatini qadrlang, o‘rnatilgan tartiblarga qat’iy rioya qiling, shundagina biz, albatta, bunday qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!