Harbiy tavsiyanoma bilan OTMga kirish tartibi tasdiqlandi

Harbiy tavsiyanoma bilan OTMga kirish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlariga qo‘shimcha ravishda alohida qabul ko‘rsatkichlari belgilanadi.

Alohida qabul ko‘rsatkichlari har bir OTM bakalavriatiga (har bir ta’lim shakli – kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘yicha) davlat buyurtmasi parametrlarining 5 foizini tashkil etadi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan, tavsiyanomaga ega abituriyentlar talabalikka tavsiya etiladi. 

Nizomga ko‘ra, tavsiyanomaga ega abituriyentlar ular uchun belgilangan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Ular mazkur yo‘nalishda o‘qishga kirolmagan taqdirda,  keyingi ta’lim yo‘nalishlarida tanlovda umumiy tartibda qatnashadi (ya’ni, bu yo‘nalishlarda tavsiyanomaning ahamiyati bo‘lmaydi, barcha abituriyentlar qatori umumiy raqobatga kirishadi).

Eslatib o‘tamiz, mazkur Nizom talablari oliy harbiy ta’lim muassasalari,  O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari,  nodavlat OTMlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!