Gulnora Karimova Shavkat Mirziyoyevdan shafqat kutayotganini aytdi

Gulnora Karimova Shavkat Mirziyoyevdan shafqat kutayotganini aytdi

Avvalroq, Gulnora Karimova O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘llagani va kechirim so‘ragani haqida xabar bergan edik.

"Qalampir" nashriga ko‘ra, bu xabarlar jamoatchilik orasida asosiy mavzuga aylanishga ulguribdiki, Gulnora Karimovaning olti yil deganda ilk bor xalqqa yo‘llagan maktubi e’lon qilingan Instagram sahifasi (@gulnarakarimovaupdates) to‘laligicha o‘chirib yuborildi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Gulnora Karimova nomiga ochilgan, u haqda rasmiy ma’lumotlar berib borilishi va shu bilan birga sahifa boshqalar tomonidan yuritilishi aytilgan boshqa bir akkaunt ochildi. Unga Karimovaning xalqqa rus tilidagi murojaati qayta joylandi. Oradan ikki kun o‘tib, kecha, 24 iyun kuni maktub ingliz tilida ham e’lon qilindi. Aftidan Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova onasining hibsda qolishi masalasiga jahon hamjamiyatining ham e’tiborini tortmoqchi ko‘rinadi. To‘liq holdagi maktubda ahamiyatga molik jihat shundaki, Karimova o‘z murojaatida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomini ham zikr etgan. 

Karimova murojaatida Shveysariyadagi bank hisoblarida muzlatilgan pullarni qaytarish faqatgina unga bog‘liq emasligini ta’kidlagandi. Quyida Karimovaning murojaati bilan tanishishingiz mumkin.

“Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan pullarni yo‘naltirish faqatgina menga bog‘liq masala emas. Ularga boshqa mamlakatlarda ko‘plar da’vogarlik qiladi. Qo‘limdan kelgan barchasini qildim, advokatlarim ham yaqinda 131 mln dollarni ushlab qolishga qaratilgan hujjatlarni qaytarib oldi. Ayni vaqtda huddi shunday harakatlar qolgan 555 mln dollar uchun ham amalga oshirilyapti.

Boshimdan o‘tganlar, bolalarimning oxirgi 2 yildagi ko‘rgan azob va qiyinchiliklari uchun nolimoqchi emasman. Mening ishimni olib borganlarning ko‘piga hukm chiqarildi, sanksiya qo‘yganlar tergovga tortildi. O‘zining rahbariyati nomidan qo‘lidan kelmaydigan va’dalarni berganlar esa ish joyini o‘zgartirib ketdi. Masalan, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Umrzoqov. Prokuraturaning boshqa xodimlari esa hozir ham mening ustimdan nazorat o‘rnatishga harakat qilishmoqda.

Ayni damda mening salomatligim bilan bog‘liq muammo qiynamoqda. Ikkita operasiyani o‘tkazishim zaruriyati Prezidentga murojaat qilishga majbur qildi. Men haqimda yolg‘on ma’lumot tarqatib, imijimni qora qilishga urinayotganlardan farqli o‘laroq jamoatchilik mening mamlakatimizdagi eng katta qora kuch emasligimni tushunishiga va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilaman va bunga ishonaman. Bolalarim uzoqlikda o‘tgan yillar evaziga onasi bilan bo‘lishga haqli. Ayniqsa, jazolarning liberallashuvi va davlatga xiyonat hamda terrorizmda ayblangan ayollar oilasiga qaytayotgan bir vaqtda... Men ularning yagona boquvchisiman. Ayniqsa, yurak porogi bilan tug‘ilgan qizim ko‘p qiynalyapti.

Shavkat Miromonovichni o‘zi xalqqa murojaatlaridan birida aytganidek, otamning o‘rinbosari va shogirdi sifatida bilaman. U bilan “Kelajak ovozi”, “Yangi avlod”, “Asrlar sadosi” va yana ko‘plab loyihalarda birga ishlaganmiz. Uning bag‘rikengligiga umid qilgan holda, tez orada bolalarim bilan ko‘rishish va davolanish imkoni bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Bundan tashqari, men chin dildan sevgan va yurak urishi otamning qilgan ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan Vatanim uchun xizmat qilishga tayyorman.

Ayni vaqtgacha, menga nisbatan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda Kodeksga muvofiq insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi mumkin edi. Bundan tashqari, har oyda o‘nlab ayollarga qo‘llangani kabi meni ham muddatidan avval shartli ozod qilish muddati ham yaqinlashib qolgan.

Men qonunlarimizga ishonaman. Ular to‘g‘ri qo‘llansa, millatimiz kafolati va asosi bo‘lib xizmat qilishiga shubham yo‘q”, degan Gulnora Karimova maktubida.

Ta’kidlash kerakki, Karimovaning pullarni ushlab turish bo‘yicha hujjatlarni qaytarib olishi o‘z samarasini bergan ko‘rinadi. Negaki, kecha, 24 iyun kuni Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga tegishli muzlatilgan pullarning 130 mln shveysar franki (133 mln dollar) O‘zbekistonga qaytarilishini ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!