Gormonlarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish og‘ir asoratlarga olib keladi — mutaxassis

Gormonlarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish og‘ir asoratlarga olib keladi — mutaxassis

Koronavirusning eng og‘ir asoratlari son suyagi, yelka, tizza bo‘g‘imlarining yemirilishi bilan kechayotgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Bu — nafaqat yurtimiz, balki dunyo tibbiyot olimlarining ilmiy xulosasi.

Agar statistik tahlillarga murojaat qilsak, pandemiyagacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bu xastalikka chalingan bemorlar soni 3-4 barobar ortganini ko‘ramiz.

Oqibatda mazkur kasallikning og‘ir bosqichlarida yuqori texnologik operasiya hisoblanadigan endoprotezlash amaliyotiga muhtoj bemorlar soni ko‘payib bormoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan buning asosiy sabablari haqida suhbatlashdik.

Koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ham avaskulyar nekroz xastaligidan aziyat chekuvchi bemorlardan murojaatlar bo‘lardi, — deydi mutaxassis. — Ammo ularning soni hozirgi paytdagi singari ko‘p emasdi.

Asosan revmatologik kasalliklarni davolashda qo‘llanilgan gormon preparatlari asoratlari suyak bo‘g‘imlarining yemirilishiga sabab bo‘lgan, deb ayta olaman.

Biroq 2020 yilning 15 martida yurtimizga COVID-19 virusi kirib kelgach, qolaversa, o‘sha yili iyul, avgust, sentyabr oylarida epidemiologik vaziyat murakkablashgach, odamlarda sarosima va vahima kuchaydi.

Shu davrda yurtimizda ham mazkur virusning oldini olish bo‘yicha maxsus protokollar ishlab chiqildi. Biroq ayrim bemorlar uy sharoitida belgilangan dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, antibiotik, gormon preparatlarini palapartish qo‘llashi ularda turli asoratlarni yuzaga keltirdi.

Misol uchun, gormon preparati faqat bemor reanimasiya bo‘limiga yotqizilganda, kasallikning eng og‘ir darajasida, tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq buyuriladi. Boshqa hollarda esa undan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.

Hozir tibbiyot markazimizda shunday dardga chalingan mingdan ortiq bemorlarning reestrini shakllantirganmiz. Tahlillar asnosida ko‘ryapmizki, ularning deyarli barchasi 2020 yilda koronavirusdan o‘zboshimchalik bilan davolangan va palapartish ravishda gormon qabul qilgan bemorlardir.

SOVID-19ni davolash protokoli yangilanishi, ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan targ‘ibot ishlari, shuningdek, aholining bu boradagi tibbiy madaniyati o‘sishi natijasida 2021 yilda koronavirusdan muolaja olgan bemorlar orasida hozir nekrozga chalinganlari deyarli uchragani yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!