Germaniya kontrrazvedkasi rahbari IIVga o‘tish o‘rniga muddatidan oldin nafaqaga chiqarildi

Germaniya kontrrazvedkasi rahbari IIVga o‘tish o‘rniga muddatidan oldin nafaqaga chiqarildi

Sentyabr oyida mojaro markazida bo‘lgan Germaniya kontrrazvedkasi boshlig‘i Xans-Georg Masen ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmaydi, u muddatidan oldin nafaqaga chiqariladi. Bu haqda IIV rahbari Xorst Zeexofer ma’lum qildi.

"Men undan muddatidan oldin nafaqaga chiqishini so‘radim", - dedi vazir.

Dastlab Masen IIV stats-kotibi lavozimiga o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, ammo jamoatchilik va muxolifat bu qarorni tanqid ostiga oldi.  
Kontrrazvedka boshqarmasini hozircha uning o‘rinbosari Tomas Xaldenvang boshqarib turadigan bo‘ldi.

Yozda Masen o‘ta o‘ng "Germaniya uchun alternativa" partiyasi rahbarlari bilan uchrashgani va ularga qonun bilan bog‘liq noxushliklarni qanday chetlab o‘tish borasida tavsiyalar bergani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.  

So‘ngra avgust oxirida Xemnis shahrida migrantlar mahalliy fuqarolardan birini o‘ldirid qo‘yishdi va shaharda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Polisiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi, ammo jamoatchilikni radikallarning yevropalik bo‘lmaganlarga hujumlar uyushtirgani aks etgan videoyozuvlar ko‘proq tashvishga soldi.

Masen bir necha kundan so‘ng bu videoyozuvlar haqiqiy ekanligi haqida ma’lumot yo‘qligini bildirdi. U bu bilan rahbariyatni noqulay vaziyatga qo‘ydi, buning ustiga, o‘ng mafkura tarafdorlariga nisbatan xayrixoh ekanligi haqidagi gap-so‘zlar avj olishiga sababchi bo‘ldi.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!