Fatvo kimdan so‘raladi va so‘rash odoblari

Fatvo kimdan so‘raladi va so‘rash odoblari

Albatta, diniy hukmlarni so‘ramoqchi bo‘lgan odam har qanday kishidan so‘rayvermaydi. Diniy masalalarni kimdan so‘rashning ham tartib va qoidalari bor.

Avvalo, fatvo ilmli, taqvoli va adolatli kishidan so‘raladi. Bu haqda mashhur hanafiy faqih Ibn Obidin o‘zining dong‘i ketgan «Raddul Muhtor» nomli kitobida:

«Ittifoq qilinganki, fatvo ahli ilmning ichida ijtihod va adolat bilan tanilgan va odamlar uni ulug‘lab, fatvo so‘rab turgan kishidan so‘raladi. Agar ijtihod va adolatdan birortasi bo‘lmasa ham, fatvo so‘ralmaydi», degan.

Kezi kelganda, fatvo beruvchi uchun Islom ummatining mujtahid ulamolari tomonidan qo‘yilgan shartlarni qisqacha o‘rganib chiqishimiz foydadan xoli bo‘lmas.

Fatvo beruvchida quyidagi sifatlar bo‘lishi shart:

1. Muxlis, taqvodor musulmon bo‘lishi.

2. Aqlli bo‘lishi.

3. Balog‘atga yetgan bo‘lishi.

4. Adolatli bo‘lishi.

Ya’ni shariat ko‘rsatmalaridan chiqmaydigan bo‘lishi. Chunki fatvo Alloh taoloning hukmi haqida xabar berishdan iborat. Fosiqning xabari din sohasida qabul emas.

5. Ijtihod.

Imom Shofe’iy bu haqda quyidagilarni aytganlar:

«Faqatgina quyidagilarni o‘zida jamlagan kishigina Allohning dinida fatvo berishi mumkin: Allohning Kitobini, uning nosixi va mansuxini, muhkami va mutashobihini, ta’viyli va tanziylini, makkiysini va madaniysini yaxshi bilgan bo‘lishi va undan nima iroda qilinganini ham bilishi kerak. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Hadisdan ham Qur’ondan bilgan narsalarni bilmog‘i lozim. Arab tilini va she’riyatini yaxshi bilmog‘i kerak. U narsalarni insof ila ishlatishi shart. Turli diyor ulamolarining ixtiloflarini ham anglab yetgan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, o‘tkir zehnli bo‘lmog‘i ham kerak. Ana shundagina gapirishi va halol hamda haromdan fatvo berishi mumkin. Bo‘lmasa, jim tursin».

FATVO SO‘RASh ODOBLARI

Fatvo beruvchi olim undan savol so‘ragan kishiga nisbatan murshid va ustoz maqomida bo‘ladi. Shuning uchun fatvo so‘rovchi u bilan bo‘ladigan muomalasida odobli bo‘lmog‘i, uni ilmi uchun ulug‘lamog‘i va ehtirom qilmog‘i lozim.

Fam-g‘ussada bo‘lgan, achchiqlanib yoki qalbi mashg‘ul bo‘lib turgan olimdan fatvo so‘rash odobdan emas.

Olimdan savol so‘ragan paytda uning dalili so‘ralmaydi. Juda so‘rash lozim bo‘lsa, boshqa majlisda yoki fatvoni qabul qilib olgandan bir oz o‘tib so‘rasa, joiz.

Fatvo so‘rovchi uchun quyidagilar makruhdir:

1. Ko‘p savol so‘rash.

2. Dinda foydasi yo‘q narsalarni so‘rash.

3. Voqelikda yo‘q narsani so‘rash.

4. Qiyin masalalarni so‘rash.

5. Ta’abbudiy masalalarning hikmatini so‘rash («Bomdod namozi nima uchun ikki rak’at?», «Nimaga ikki marta sajda qilinadi?» kabilar).

6. Savolda haddan tashqari chuqur ketish.

7. Boshqalardan ustun kelish uchun qaysarlik ila so‘rash.

8. Bir olimdan so‘ragandan keyin boshqasidan yana o‘sha savolni so‘rash.

9. Yengil fatvo beradigan odamni izlab topib so‘rash.

Agar ilmda va adolatda bir xil olimlar bir nechta bo‘lsalar, so‘rovchi o‘zi xohlaganiga murojaat qilishi mumkin. Ammo ba’zi ulamolar: «Ularning eng afzalidan so‘ragan ma’qul», deganlar.

Manba: azon


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!