Farg‘onada tug‘ilgan 3 egizakdan biri "g‘oyib bo‘lgani" rostmi?

Farg‘onada tug‘ilgan 3 egizakdan biri "g‘oyib bo‘lgani" rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati perinatal markazida tug‘ilgan 3 nafar egizakning biri “yo‘qolgani” haqida audiomurojaat tarqalgandi. Viloyat Sog‘liqni saqlash  boshqarmasi bu borada rasmiy bayonot berdi.

Audiomurojaatda Yozyovon tumanida yashovchi qaynona kelini Farg‘ona viloyati perinatal markazida 3 nafar egizak tuqqani va chaqaloqlarning biri “yo‘qolgan”ligi haqida iddao qiladi.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasida xuddi shu masalani o‘rganish maqsadida Farg‘ona shahar prokuraturasining 2020 yil 9 iyuldagi 15/283j-20-sonli «Xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqidagi» taqdimnomasiga ko‘ra malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilib, perinatal markazida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Xizmat tekshiruvida ma’lum bo‘lishicha, Yozyovon tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro F.G‘oziyeva homiladorlikning 26-haftasiga qadar 16 marotaba ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan bo‘lib, barchasida ikkita egiz homila xulosasi berilgan. Homiladorlikning 26-haftasidan boshlab o‘tkazilgan 4 ta UTT tekshiruvida esa uch egiz homila degan xulosa berilgan.

Homilador ayolda “Semizlikning 3-4 darajasi mavjud bo‘lib, vazni 104 kg edi. Bundan tashqari, ayolning qorin oldi devori o‘ta shishganligi sababli patologik soya (artefakt) mavjud bo‘lgan. Bu soya UTT tekshiruvida uchinchi homila bo‘lib ko‘rinishi va mutaxassislarni chalg‘itishi mumkin.

Tibbiyot tajribasi va ilmiy adabiyotlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, ko‘p homilali homiladorlikda chaqaloqlarning sonini aniqlashda eng to‘g‘ri va ishonchli xulosa beradigan muddat bu homiladorlikning 10-13 haftasi hisoblanadi. 

Ishchi guruhidagi malakali mutaxassislarning fikri va xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra shuni aytish mumkinki, ushbu ayolga homiladorlikning 26-haftasiga qadar ikki egiz homila deb to‘g‘ri xulosa berilgan. Lekin ayolning vazni yuqoriligi sababli 26-haftadan keyingi UTT tekshiruvlarida qorin sohasidagi shishlar hisobiga tushgan soya uchinchi homila bo‘lib ko‘ringan. Bunday tushunmovchiliklar ko‘p homilali homiladorlikda uchrashi mumkin. 

F.G‘oziyeva 2020 yilning 4 iyul kuni soat 21:45 da qiz jinsli 2 ta chaqaloqni dunyoga keltirgan. Tug‘ruq kesarcha kesish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Ayol va uning chaqaloqlariga amaldagi standartlar asosida to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Murojaatchining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvida keltirilgan vajlari yuzasidan viloyat perinatal markazi doyasi U.Otajonova va tibbiy statist R.Vaxobuddinovalarning tushuntirish xatlari ham olindi.

Olingan tushuntirish xatlari mazmuni va xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra audioyozuvdagi fikrlar tasdig‘ini topmadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!