Eshitdingizmi?!. Bu yil saylovlar boshqacha bo‘larmish...

Eshitdingizmi?!. Bu yil saylovlar boshqacha bo‘larmish...

Hozircha asosiy aholi bilmasa-da, siyosatga aralashib yurgan odamlar Parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar shu yilning dekabr oyida o‘tkazilishidan xabardor. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu galgi saylovlar oldingi saylovlardan ko‘ra boshqacha o‘tarmish...

Xo‘sh, boshqacha saylov qanaqa bo‘ladi!? Saylov har doimgi saylov-da!!!

Nima oldingilari demokratik tamoyillar asosida, haqqoniy o‘tmaganmi? Fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin bildirmaganmi?

Albatta, shunday bo‘lgan. Shunga qaramay, yurtimizda oxirgi, ya’ni 2014 yilda Parlamentga o‘tkazilgan saylov yakunlari bo‘yicha YEXHT demokratik institutlar va Inson huquqlari Byurosi missiyasining bayonotida yozilishicha, O‘zbekistonda “oilaviy ovoz berish” amaliyoti saqlanib qolgan, saylov kampaniyasi jarayonlarini yoritishda OAVlari to‘la qonli faol bo‘lmagan, siyosiy partiyalar o‘rtasida samarali raqobat yo‘q, xorijda yashovchi saylovchilar ishtirokidagi noaniqlikliklar mavjud, saylov jarayonlarini kuzatishda mahalliy NNTlarning ishtiroki huquqiy jihatdan reglamentga solinmagan va shu kabi qator kamchiliklar kuzatilgan.
Aslini olganda, bu kuzatuvchilarning ko‘rib, bilib qolgani.

Ochiq tan olaylik, o‘zimiz bilib, ko‘rmaganga olganimiz, ularga bildirmaganimiz qancha...

Keling, o‘sha “oilaviy ovoz” berishga to‘htalsak. Qonunchilikda saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi, deb yozib qo‘yilgan. Nima bitta oiladan bir kishi 3-4 ta pasportni obkelib, bir o‘zi aka-ukasi yoki ota-ona nomidan ovoz berib ketganini bilmaymizmi? YO, buni saylov uchastkalaridagi mas’ullar sezmay qolganmi?

Saylovlarda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin, saylov oldi targ‘ibotlarida “katta”lar, mahalla mas’ullari kabi “obro‘li” odamlar “biz mahallamiz bilan falonchi nomzodga ovoz berishimiz kerak” “yuqori”dagilar bilan tugunchining nomzodi o‘tishi kelishilgan”, deganini, kamiga saylov kuni ular buni “nazorat” qilib turganidan bexabarmizmi?

Partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ro‘yhatga olish masalasiga ham oydinlik kiritsak.

Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

Amalda-chi?

Deputatlikka nomzodlar, odatda, joylarda ijro hokimiyati bilan “muvofiqlashtirilishi”, aksariyat hollarda nomzodlar shahar, tuman hokimlarning “rozi”ligi olinganidan keyin ro‘yhatga kiritilishini balki oddiy saylovchi bilmas?

Ayrim hududlarda saylov komissiyasi ro‘yhatga olgan, targ‘ibot ishlarini faol olib borgan, biroq ovoz berish kuni esa nomzodini qaytarib olmagan bo‘lsa-da, nomzodlar ro‘yhatidan familiyasi “tushib” qolish holatlari ham kuzatilmadimi?

Hududda hech kim tanimaydigan partiya “daho”lari va ayrim mansabdor shaxslar saylov kampaniyasida nomzodlar ro‘yxatidan paydo bo‘lib, saylov kuni yetarli ovoz ololmaganini, hokimlar va tegishli idoralar vakillarining chin ma’noda haqqoniy yutib chiqqan nomzodlar bilan “suhbat” o‘tkazganini, ularning o‘rniga “daho” va “obro‘li”larning deputatlik kreslosini egallaganini ham hamma ham bilmaydi, deb o‘ylamayapmizmi?

Uzun-quloq gaplarda ba’zi saylov uchastkasidagi mas’ullarning “nomzodingni saylovda men o‘tkazib beraman” deb “ishlagan”ini eshitmadikmi?

Saylov kuni uchastkalarda ovoz berish jarayoni ertaroq tugatilishi ijro hokimiyati va tegishli idoralar tomonidan nazoratga olinmadimi? Buning uchun ularga oldindan “uchastkangda tushlikkacha saylovchilarning 70 foizi ovoz berib bo‘lishi kerak”, degan topshiriq berilmaganmi?

Ovoz berish tugab, undan keyingi ularni sanash “jarayon”i ham alohida mavzu.

Parlamentda siyosiy balansni ta’minlash uchun okruglar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar “yuqori”dagilar tomonidan partiyaning hududdagi “obro‘”si bo‘yicha tor doiralarda “muhokama” qilinganligini esa hamma bilmas...

Gapiraman desak, gap ko‘p.

Lekin, bugungi kunda mamlakatimizda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy vaziyat ancha o‘zgardi. Hukumat eshiklari halq uchun chin ma’noda ochilayapti. Odamlarda ertangi kunga ishonch hissi uyg‘onayapti. Tillarda yangi islohotlar davri, degan ibora ommalashib qoldi.

Balki, shuning uchun bu galgi saylovlarning boshqacha bo‘lishi haqida gapirilayotgandir...

Xohishimiz, bu yilgi saylovlar boshqacha o‘tsin. Kurashlar ochiq, oshkora bo‘lsin, fuqarolar o‘z xohish-istaklarini erkin bildirib, har bir saylovchi o‘zi tanlagan bitta nomzodga ovoz bersin. Bir so‘z bilan saylovlar qonunchilik talablari asosida o‘tsin.

Shunday bo‘lishi esa har birimizga bog‘liq.

Malohat Yo‘ldosheva,
jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!