Erkak bilan qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortgan muslima sudda yutib chiqdi

Erkak bilan qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortgan muslima sudda yutib chiqdi

Erkak kishi bilan qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortgani uchun ishga qabul qilinmagan shvesiyalik muslima sudda yutib chiqib, ish beruvchidan tovon undirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “BBC Uzbek” xabar bermoqda.

24 yashar Farah Alxo‘ja tarjimon sifatida ishga joylashmoqchi bo‘lib, suhbatga borgan. Biroq erkak kishiga qo‘l bermagani tufayli uning suhbati bekor qilingan.

Alxo‘ja xonim qo‘l berish o‘rniga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom bergan.

Shvesiyaning mehnat masalalari bo‘yicha sudi kompaniyani ayolni tahqirlashda ayblab, Alxo‘ja xonimga undan 4,350 dollar (deyarli 34 million so‘m atrofida) miqdoridagi tovon puli undirib bergan.

Sudda 24 yoshli Alxo‘ja xonimni himoya qilgan Shvesiyaning diskriminasiya masalalari bo‘yicha ombudsman idorasi sudning qarorida “ishga joylashuvchining manfaatlari, o‘z tanasiga egalik huquqi va davlatning diniy erkinlikni saqlashdagi ahamiyati” hisobga olinganini ma’lum qiladi.

Sud Alxo‘ja xonimning diniy sabablar asosida qo‘l berib so‘rashishdan bosh tortish huquqi Inson Huquqlari bo‘yicha Yevropa Konvensiyasi tomonidan kafolatlangan ekanligini aytib, kompaniyaning xodimlaridan barchaga teng munosabatda bo‘lishni bunday usulda talab qilishi musulmonlar manfaatlariga zid, degan qarorga kelgan.

“Men Allohga ishonaman. Shvesiyada bunday e’tiqodli odamlarni uchratish qiyin… va boshqalarga zararim tegmayotgan ekan, odamlar meni borimcha qabul qilishlari lozim... Men bir vaqtning o‘zida ham dinim talablari, ham mamlakatim qonun-qoidalariga bo‘ysunib yashay olaman,”- deydi Alxo‘ja xonim BBCga bergan intervyusida.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!