Singapur shartnomasi tovar belgilari sohasida maqbul sharoitlarni yaratadi

Singapur shartnomasi tovar belgilari sohasida maqbul sharoitlarni yaratadi

Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasi 2006 yil 27 martda qabul qilingan va 2009 yil 16 martda kuchga kirgan. Bugungi kunda Singapur shartnomasi dunyoning 54 ta mamlakati hududida amal qiladi. Undan kutilgan maqsad, tovar belgilari sohasida ishlovchi va shu soha ishtirokchisi bo‘lgan barcha mamlakatlar hamda regional tashkilotlarda tovar belgilariga huquqiy muhofaza olish tizimi foydalanuvchilari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratishdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006 yil 27 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, mazkur shartnoma ratifikasiya qilinishi bilan tovar belgilariga oid mavjud xalqaro normalarni modernizasiya qilish, xususan, hujjatlarni elektron shaklda topshirish, elektron imzodan foydalanish, noodatiy tovar belgilarini (tovush, golografik belgilar) tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish kabi tartiblar joriy etiladi. Shuningdek, uyg‘unlashtirilgan tartib-qoidalar va standartlashtirilgan hujjat shakllari bir necha davlatlarda va O‘zbekistonda tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishga intilayotgan mahalliy va xorijiy korxonalarning vaqti va mablag‘i tejaladi.

Bundan tashqari, tovar belgisidan foydalanishga oid lisenziya hamda huquqni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda maksimal talablarning joriy etilishi natijasida ortiqcha hujjatlarni taqdim qilish bartaraf etiladi. Bu orqali milliy va xorijiy tovar belgisidan shartnoma asosida foydalanish soni oshadi.

Muhokamalarda deputatlar mazkur hujjatning mamlakatimizda investisiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga xizmat qilishini e’tirof etib, uni keyingi o‘qishda qabul qilishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!