Engil atletikachi qizlarimiz Dubayda kumush medallarga sazovor bo‘ldi

Engil atletikachi qizlarimiz Dubayda kumush medallarga sazovor bo‘ldi

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletikaning yarim marafon yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Qit’aning eng mahoratli marafonchilari ishtirok etgan musobaqaning yakkalik yo‘nalishida 1 soat 13 daqiqa 29 soniya natija qayd etgan hamyurtimiz Sitora Hamidova kumush medalga sazovor bo‘ldi. Musobaqaning oltin medali Yaponiya, bronza medali esa Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosiga nasib etdi.

E’tiborli jihati, Hamidova ushbu natija orqali 5 yil avval o‘zi o‘rnatgan O‘zbekiston rekordini yangilashga erishdi. Mazkur dasturda ishtirok etgan terma jamoamiz a’zolaridan Marina Xmelevskaya sakkizinchi, Aziza Mirakbarova o‘n yettinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

Dubay shahrida poyoniga yetgan yarim marafon yo‘nalishida uch nafar sportchimizning umumiy hisobdagi 3:46:08 natijasi qit’a chempionatining jamoaviy dasturida kumush medallarni egallashiga xizmat qildi. Ushbu yo‘nalishda Qirg‘iziston jamoasi oltin, Hindiston vakillari bronza medaliga musharraf bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!