Donor bo‘luvchi yaqin qarindoshlar ro‘yxati kengaytirilishi mumkin

Donor bo‘luvchi yaqin qarindoshlar ro‘yxati kengaytirilishi mumkin

So‘nggi yillarda tibbiy xizmat ko‘rsatishda zamonaviy innovasion texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida hududlarda ikki mingdan ziyod jarrohlik operasiyalari o‘tkazilib, shundan 1100 dan ortig‘ini yuqori texnologiyaga asoslangan murakkab amaliyotlarni tashkil qildi.

Shular qatori yurtimizda yangi - transplantasiya sohasi ham takomillashib bormoqda. So‘nggi ikki yil davomida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 230 dan ortiq buyrak, 5 ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida esa 68 ta buyrak transplantasiyasi operasiyalari o‘tkazilib, jami 300 nafardan ziyod fuqarolarimizning yuqori texnologik operasiyalar uchun xorij davlatlariga borishining oldi olindi.

Shuningdek, Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti olimlari jahon tibbiyotining eng ilg‘or yo‘nalishi — o‘zak hujayra transplantasiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishdi. Tabiiyki, bu nafaqat inson a’zolarini transplantasiyasi bo‘yicha fuqarolarning chet elga chiqib ketishining kamayishiga, balki aholining transplantasiya yordamidan bahramandlik darajasi oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, transplantasiya yordamiga muhtoj bemorlar ro‘yxati ham kengayib bormoqda. Bundan tashqari, so‘nggi ikki yil davomidagi amaliyot shuni ko‘rsatdiki, yaqin qarindoshlarni donor sifatida belgilangan shaxslar cheklangan doirasi ham amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo qilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, 2020 yilda “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va jigar bo‘lagini transplantasiya qilish tartibi haqida Vaqtinchalik nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, transplantasiya operasiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilgan davlat tibbiyot muassasalari sonini oshirish, shu jumladan, hududlarda ham bu amaliyotni yo‘lga qo‘yish hamda transplantasiya qilish amaliyotlarida donor bo‘luvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritilib, yanada kengaytirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni bemorning ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi darajali qarindoshlari ham donor bo‘lishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!