Doha aeroportida ayol yo‘lovchilar ginekologik ko‘rikdan o‘tishga majburlandi

Doha aeroportida ayol yo‘lovchilar ginekologik ko‘rikdan o‘tishga majburlandi

Doha aeroportida chaqaloq topib olingach u yerda kamida bitta aviareysning ayol yo‘lovchilarini ginekologik ko‘rikdan o‘tishga majbur qilishdi.

Bu haqda "Meduza" nashriga tayanib "korrespondent.uz" xabar berdi .

Hodisa 2 oktyabr kuni Qatar poytaxti Dohadagi Hamad xalqaro aeroportida yuz bergan. Aeroport xodimlari hojatxonadan chaqaloq topib olgan. Shundan keyin samolyotdan ayol yo‘lovchilarni tushirishgan. Ularga hech qanday izoh bermasdan, tez yordam mashinalariga o‘tirg‘izishgan va u yerda ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishgan.

Nechta ayol ko‘rikdan o‘tgani aniq emas, ammo ular orasida Sidneyga yo‘l olgan «Qatar havo yo‘llari» QR 908 reysining yo‘lovchilari bo‘lgani ma’lum. Ushbu samolyot yo‘lovchilaridan biri The Guardian nashriga xabar qilishicha, yo‘lovchilar tushganidan keyin samolyot yana uch soatcha aeroportda turgan. So‘ng bort kuzatuvchilari barcha ayollarning chiqishini so‘ragan. Qaytib kelgan ayollar xafa holatda bo‘lgan, ulardan biri yig‘lagan.

Avstraliyaga qaytib kelgach yo‘lovchi ayollardan biri polisiyaga murojaat qilgan. Ta’kidlanishicha, ko‘rik juda qo‘pol va tajovuzkorona tarzda o‘tkazilgan.

Bunday holatni jinsiy zo‘ravonlik deb baholash mumkin, dedi Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkiloti rahbarlaridan biri, huquqshunos Xizer Barr. Avstraliyadagi Amnesty International direktori Samanta Klintuors voqeani zudlik bilan tekshirishga chaqirdi.

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Meris Peyn mamlakat hukumati Qatar hukumatidan izoh talab qilganini aytdi.

O‘z navbatida Hamad aeroporti ma’muriyati yo‘lovchilarning ginekologik ko‘rikdan o‘tkazilganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlamadi. Bayonotda aytilishicha, shifokorlar hozirgina ko‘zi yorigan onaning salomatligi yuzasidan xavotir bildirib, uni uchib ketguncha topishni so‘ragan. Ta’kidlanishicha, bola ayni paytda xavfsizlikda, ammo uning onasi topilganicha yo‘q.

Qatarda nikohdan o‘tmasdan turib farzand ko‘rish jinoyat hisoblanadi. Buning uchun odatda bir yilga ozodlikdan mahrum qilishadi. Agar mahkum musulmon bo‘lsa, yana 100 darra qamchi ham tayinlanadi. Agar mahkum uylangan bo‘lsa, o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin. Nikoh qurmasdan farzand ko‘rgan ayollar esa bir yil muddatga qamaladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!