Davlat byudjeti ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi Konstitusiyada belgilanmoqda

Davlat byudjeti ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi Konstitusiyada belgilanmoqda

Yangilanayotgan Konstitusiyaning 148-moddasida Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirilishi va bu jarayonda jamoatchilikning ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanishi xaqidagi g‘oyalar ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 148-moddasi quyidagi mazmunda berilmoqda: O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti respublika byudjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetidan va mahalliy byudjetlardan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi”.

Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi”.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarga qadar davlat byudjeti ochiqligi va uning ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish haqida gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas edi. O‘zbekistonda amalga oshirgan islohotlar natijasida byudjet ochiqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar qilindi. Bir qator hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolar nafaqat davlat byudjeti ustidan nazorat o‘rnatmoqda, balki mablag‘larni sarflashda ham ishtirok etmoqda.

Konstitusiyaga kiritilayotgan ushbu modda odamlar byudjet qanday shakllanishi, qanday sarflanishi ustidan nazorat o‘rnata olishlariga xizmat qiladi. Bu nimasi bilan muhim?

Ko‘pchilik odamlarda davlat yoki mahalliy byudjetlar qanday shakllanishi haqida umumiy tasavvur ham yo‘q. «Davlatning puli» deb ataladigan ushbu mablag‘lar aslida xalqning o‘zi to‘lagan soliqlar evaziga yig‘ilgan pullardir. Tabiiyki, xalq o‘z puli qanday va qayerga sarflanayotgani ustidan nazorat qilishga haqqi bor. Kiritilayotgan modda aynan mana shu huquqni kafolatlaydi.

Hech kimga sir emas, mahallada mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish bo‘yicha ayrim murojaatlarga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan “rejaga kiritildi, moliyalashtirish bo‘lsa bajaramiz” degan javoblar berilishi hech kimga sir emas. Ushbu javoblarni olgan fuqarolar mahalladagi muammolarni yechimini yillab kutib turardi.

Shunday holatlarni keskin ravishda oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitusiyamizga byudjetga oid alohida yangi modda kiritilmoqda.

Eng avvalo, davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Xususan, Davlat byudjetiga oid axborotlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi.

Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga oid normalar ham kiritilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirok etish tartibi ham paydo bo‘ldi. Ya’ni tashabbusli byudjet — aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu amaliyot orqali aholi o‘zini qiynayotgan muammolar, shu jumladan mahalladagi muammolar (yo‘llar, bolalar maydonchalar va h.k.) byudjetga kiritish va ularni tezlik bilan hal qilish imkon yaratildi.

2019 yildan boshlab byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi.

Biroq bu boradagi ishlar tizimli davom etishi uchun Konstitusiyaga aynan shunday alohida modda kiritish ehtiyoji mavjud edi. Yangilanayotgan Konstitusiyada belgilanayotgan normalar yuqorida qayd etilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida davlat byudjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini ta’minlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda keng va faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratadi.

Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar davlat byudjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini ta’minlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda keng va faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratishga imkon beradi.

Eng asosiysi, ushbu modda orqali byudjet mablag‘lari talon-taroj qilish, mablag‘larni o‘rinsiz yoki besamara foydalanilishining oldi olinadi. Davlat byudjetidan maqsadli foydalanishni ta’minlash aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga zarur yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, tadbirkorlik va umuman, davlat va jamiyatni hayotining boshqa barcha sohalarida samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Xayrulla Ruzmetov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i,
yuridik fanlari doktori


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!