"Chirchiqdagi shifokorlar: "Mehnat shartnomasi yo‘q, bemorlar uchun dorilar yo‘q". Masalaga oydinlik kiritildi

"Chirchiqdagi shifokorlar: "Mehnat shartnomasi yo‘q, bemorlar uchun dorilar yo‘q". Masalaga oydinlik kiritildi

Kuni kecha internet saytlarida "Chirchiqdagi shifokorlar: "Mehnat shartnomasi yo‘q, bemorlar uchun dorilar yo‘q" sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi qoshida tashkil etilgan provizor shifoxonasiga mutaxassislar majburiy jalb qilingani, muassasaga pnevmoniyaning yengil shaklini o‘tkazayotgan bemorlar bilan bir qatorda koronavirusga chalingan bemorlar ham qabul qilingani, ammo xodimlarga koronavirusga chalinganlarni davolovchi mutaxassislar bilan teng haq to‘lanmayotgani aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusni kirib kelishini va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 16 iyuldagi 36-sonli bayonining 23-24- bandlariga ko‘ra, ta’lim muassasalarining yotoqxonalari xorijdan keluvchi fuqarolarni karantinda saqlash joylari sifatida, shuningdek, yengil shakldagi bemorlarni davolashga moslashtirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 16 iyuldagi 188-sonli buyrug‘iga asosan Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi bazasida Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati hamkorligida 200 o‘rinli provizor shifoxonasi tashkillashtirilib, 2020 yilning 20 iyulidan o‘z faoliyatini boshlagan. Shifoxonada harorati ko‘tarilgan, kasallik taxmin qilingan va pnevmoniyaning yengil shaklini o‘tkazayotgan bemorlar saralanib davolanadi. Davolanish jarayonida bemorlarda "COVID-19" infeksiyasi aniqlangan taqdirda zudlik bilan ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chiriladi.  

 

Masalani o‘rganish davomida Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi qoshida tashkil etilgan provizor shifoxonasining tibbiyot xodimlari bunday murojaatdan bexabar ekanini ma’lum qilishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasining 1-guruh tibbiyot xodimlari shu yilning 3 avgust kuni 14 kunlik ish faoliyatini tugatib, xizmat vazifasini navbatdagi tibbiyot xodimlariga topshirishgan. Tibbiyot xodimlarining ish haqlari qonunga muvofiq rasmiylashtirilgan va ularning 14 kunlik faoliyati uchun 6 foizli ustama haqlari to‘liq to‘lab beriladi. 

Xulosa qilib aytganda, Chirchiq Davlat Pedagogika instituti yotoqxonasi bazasida tashkil etilgan shifoxona koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilishga mo‘ljallanmagan. Ish haqlarini vaqtida olmaslik bilan bog‘liq muammolarga duch kelganda tibbiyot xodimlaridan tezkor shtab tomonidan tashkil etilgan ishonch telefoniga murojaat etishlarini so‘raymiz.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!