Buxoroda katta jinoiy guruh sodda ayolni salkam 900 million so‘mga chuv tushirdi

Buxoroda katta jinoiy guruh sodda ayolni salkam 900 million so‘mga chuv tushirdi

O‘sha kuni Sabohat (ism-shariflar o‘zgartirildi) Surayyo qarz so‘rab kelganda, yo‘q deya olmadi. Shunga muhtojdirki, umid bilan kelibdi. Yo‘q, desam, odamgarchilikdan bo‘lmas, degan istiholada tanishining ra’yini qaytarmadi, so‘ragan pulini berdi.

Biroq qarzni qaytarish muddati o‘tib ketsa-da, Surayyodan sado chiqmadi. Shu bois Sabohatning o‘zi bu haqda gap ochdi.

– Ha, darvoqe, sizdan qarz olgandim-a, — dedi u ayni shu damda yodiga tushib qolgandek. Keyin esa, Sabohatga yuzlandi-da, boshqa narsani gapirdi. – Mabodo sizga davlat kursida dollar kerak emasmi?!

O‘shanda dollar kursi qora bozorda ancha baland edi. Shu bois bank muassasasidan olgan odam foyda ostida qolardi.

Sabohat uning gaplarini xayolidan o‘tkazarkan, qarzini so‘rab kelgani ham esidan chiqib ketdi, Surayyoning taklifi qiziqtirib qo‘ydi. Shu bois u “Buning iloji bormi?!” — deb so‘radi.

Buyog‘ini so‘rasangiz, Surayyoning amakisi Jasur Xonnazarov Toshkentda bank boshqaruvchisi ekan. Amakisi yordami bilan Surayyoning ukasi Uyg‘un Buxoro shahridagi banklardan birining kredit bo‘limiga ishga kirgan. Bundan tashqari, amakisi o‘zining shogirdi Shavkat Ziyoyevni Buxoro tumanidagi bankning valyuta bo‘limi boshlig‘i vazifasiga ishga joylagan ekan. Shuning uchun xorij valyutasini davlat kursida sotib olish cho‘t emas.

Surayyo bu gaplarni aytarkan, Sabohatdan so‘rab o‘tirmay darrov Shavkatga qo‘ng‘iroq qiladi. Ular hol-ahvol so‘rashgach, “Shavkatjon, mening bir opaxonimga davlat kursida AQSh dollari olib bera olasizmi?!” — deya so‘raydi. Narigi tarafdan “opangizning og‘zi mahkammi, ertaga gap chiqmaydimi?!” — so‘raydi Shavkat.

O‘sha kun uyga qaytgach ham Sabohatga dollar olish fikri sira tinchlik bermaydi. Ertasi, ya’ni 2017 yilning 29 iyun kuni, u Surayyoga qo‘ng‘iroq qilib, dollar haqida gap ochadi. Ko‘p o‘tmay Shavkatning o‘zi telefonda Sabohat bilan bog‘lanadi. Buxoro davlat kimyo-texnologiya instituti oldida uchrashishgach, Shavkat o‘zini yanada yaqindan tanishtiradi. Ilgari u Toshkent shahridagi bankda Jasur aka bilan ishlagani, hozir ishini Buxoro tumaniga ko‘chirgani, otasi Abdullo Ziyoyev muqaddam milliy xavfsizlik xizmatida ishlagani-yu, ayni paytda nafaqada ekani, “555” qahvaxonaning qarshisidagi hovlida yashashini aytadi. U Sabohatdan hozircha 500 AQSh dollari sotib olmoqchi ekanini eshitgach, pulni topgandan so‘ng o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishni tayinlaydi.

Sabohat qo‘li uzatgan tomonga yetadigan bunday odamlar bilan tanishganidan xursand edi. Shu bois u 2 million 100 ming so‘m taxt bo‘lgach, Shavkatga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘z navbatida, Shavkat kirakash Xolnazarni pulni olib kelishga jo‘natadi.

* * *

Oradan o‘n kun o‘tgach, hali-hanuz qo‘liga dollar tegmagan Sabohat Shavkatga qo‘ng‘iroq qilib, noxush xabar eshitadi. Nima emish, Shavkatning ishxonasida muammo chiqibdi. Shuni hal etadigan odamning “kichkina iltimosi” bor ekan. Bir dona katta kondisioner emish. Shavkat Sabohatga yigirma kun ichida pulini qaytarishini aytib, yana yordam so‘raydi.

Hayotda har xil vaziyat uchraydi, ko‘nglidan kechiradi Sabohat va hatto Shavkatga rahmi keladi. Do‘koni bor dugonasi Dildoraga qo‘ng‘iroq qilib, qarz daftariga yozib qo‘yib, bir dona kondisioner berib yuborishni tayinlaydi. Oqibatda, Sabohat 750 AQSh dollari qarz bo‘lib qoladi.

Shavkat deganlari tinib-tinchimas odam ekan, oradan ko‘p o‘tmay u yana Sabohatga qo‘ng‘iroq qiladi. Haligacha muammodan qutulmabdi, tag‘in 1 million 700 ming so‘m kerak ekan. Sabohat yana uyiga kelgan  Xolnazardan pulni berib yuboradi.

Ikki ming o‘n yettinchi yilning 20 avgust kuni ertalab Surayyo Sabohatnikiga keladi. “Shavkatning onasiga zudlik bilan 300 AQSh dollari kerak, bir kunga berib turing” deydi u. Sabohat yana so‘ralgan pulni berib yuboradi. 3 sentyabr kuni esa Shavkat Sabohatga qo‘ng‘iroq qilib, avval uzr so‘raydi. Keyin odamlar ustidan prokuraturaga shikoyat yozgani, ishni tinchitishga 700 AQSh dollari zarurligini aytadi. Bu gal Xolnazar emas, Shavkatning o‘zi 500 AQSh dollarini Sabohatdan olib ketadi.

Shavkatning keyingi gal qo‘ng‘iroq qilganida kayfiyati nihoyatda yaxshi ekanligini sezgan Sabohat u shikoyatchilarni tinchitibdi-da, deb o‘ylaydi. Biroq boshqa bir gap bor ekan. Shavkat Toshkentga tezda ketishi kerak. Ustozi Jasur aka uni bankka avvalgidan ham yaxshiroq ishga chaqirayotganmish. Bu ust boshi bilan borib bo‘lmaydi. “Biror-bir tanishingiz bo‘lsa, kiyinar edim”, deydi u.  Ana shu suhbatdan so‘ng Sabohat jiyanlariga qo‘ng‘iroq qiladi. Shavkat ularning do‘konidan 2 million 200 ming so‘mga kiyim bosh olib, pulini Sabohatning nomiga yozdirib ketadi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, yarim tunda Sabohatning qo‘l telefoni bezovta jiringlaydi. Shavkat ekan. Onasi betob bo‘lib qolibdi. Xolnazar kelyapti emish. 2 million so‘m pul kerak. Sabohat yana hojat chiqaradi.

Ustozi Jasur akaning ko‘magida poytaxtdagi nufuzli bankda martabaga erishgan Shavkat o‘zini qo‘llab turish, kelgusida opa-uka bo‘lib qolishligi va ko‘p yordami tegishligini aytganiga Sabohat ishonadi. Narxi 200 AQSh dollarlik “Samsung” rusumli uyali telefon apparati, 850 ming so‘mga qishki poyabzal va sport kiyimi olib, 400 ming so‘m pul va 120 AQSh dollarini mashinasida kelgan Xolnazar orqali unga jo‘natadi.

– Sovg‘alar uchun rahmat opa, – qo‘ng‘iroq qiladi Shavkat. – Sizga ham yaxshi bir xabarim bor. Otamning singlisi ya’ni Munavvar ammam o‘g‘li Farruxga kelin axtarayotgandi. Farrux telegramda qizingiz Dilbahorni ko‘rib, yoqtirib qolibdi. Yaqinda uyingizga sovchi borsa, yo‘q demassiz?!

Sabohat milliy xavfsizlik xizmatida ishlab, nafaqaga chiqqan Abdullo Ziyoyevdek obro‘li odamning jiyaniga qizi tushishini ko‘nglidan o‘tkazarkan, Shavkatdan va u bilan tanishtirgan Surayyodan mamnun bo‘ladi.

Keyin ancha payt Shavkat xuddi quduqqa tosh tashlagandek, jim bo‘lib ketadi. Sovchilardan ham darak yo‘q. Faqat Surayyo Sabohatnikiga kelganida buning sabablari oydinlashadi. Toshkentda Shavkat kimgadir qarz bergan. Qarzni qaytarmagach, o‘rtalarida janjal chiqqan. Shavkat uni pichoqlab qo‘ygan, hozir qamoqda.

* * *

Oradan o‘n kun o‘tib, aniqrog‘i 5 dekabr kuni bir ayol Sabohatga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘zini Shavkatning ammasi, Farruxning onasi, bo‘lajak qudasi Munavvar deb tanishtiradi. Munavvarning aytishicha, Shavkat va uning ota-onasi hozirda Qoraqalpog‘istonda tergov beryapti. Shavkat dollar qilib beraman, deb ko‘p odamdan pul olgan. Qamalib ketmasligi uchun ularning pullarini qaytarish kerak. Agar naqd pul bo‘lmasa, mebel yoki uy-ro‘zg‘or buyumlari ham bo‘laveradi.

Munavvardan sovuq xabarni eshitgan zahoti Sabohat Surayyoga qo‘ng‘iroq qiladi. Ikkalasi viloyat kasalxonasi yaqinidagi do‘kondan 4 million 500 ming so‘mlik yumshoq mebelni oldindan 500 ming so‘m berib, qolganini Sabohatning nomiga qarzga yozdirib, olishadi. Bundan tashqari, Sabohat dugonasi Durdonaning do‘konidan bahosi 1000 AQSh dollarilik muzlatkich, 200 AQSh dollarilik “Xitachi” rusumli chang yutgich, bahosi 70 AQSh dollarilik pech, 200 AQSh dollarilik mikroto‘lqinli pech, 500 AQSh dollarilik “Broun” rusumli kombayn, 300 AQSh dollarilik kir yuvish mashinasini o‘zining nomiga yozdirib, Surayyodan berib yuboradi.

Zora endi qulog‘im tinchisa, deb o‘ylagandi Sabohat. Lekin 10 dekabr kuni Surayyo tashvishli ohangda  qo‘ng‘iroq qiladi va deydi: “Yana 6 million 500 ming so‘m kerak, aks holda Shavkatning ishi bitmaydi”.

– Qachongacha bunday bo‘ladi, – fig‘oni falakka ko‘tariladi Sabohat. –Ular mendan olgan pullarni qachon qaytarishadi?

– Menga ishoning, – javob qiladi Surayyo. – Shavkat qamoqdan chiqqach pullaringizni ikki-uch kunda taxlab beradi.

Bu gapdan Sabohat biroz hovuridan tushadi. So‘ngra qarz berishi mumkin tanishlarini birin-ketin ko‘z o‘ngidan o‘tkazadi. O‘ziga anchayin tanish Ilhomdan 6 million 500 ming so‘m olib, Surayyoga tutqazadi.

Sabohat dunyo tashvishlarini biroz chetga surib, dam olmoqchi edi. Kutilmaganda bir qiz yig‘lamsirab qo‘ng‘iroq qildi. Gulmira ekan, quda bo‘lmoqchi Munavvarning qizi emish. Munavvarni uch kunga qamab qo‘yishibdi. Uni chiqarish uchun advokatga pul berish kerak. Tilla taqinchoqlarini Gulmira zargarlik do‘koniga topshirgan. Lekin bugun-erta ular sotiladigan ko‘rinmaydi. Pul bo‘lguncha 4 ming AQSh dollari suv bilan havodek zarur.

Gulmiraning iltimosini yerda qoldirsa bo‘lmas… Sabohat bo‘lajak qudamiz ziqna ekan, degan fikrga bormasin deb o‘ylaydi. Firmachi Baxtiyordan ikki marotaba 2 mingdan jami 4 ming AQSh dollari qarz olib, Gulmiraga yetkazish uchun Surayyodan berib yuboradi.

* * *

Abdullo aka qo‘ng‘iroq qilgandi, Sabohatning ko‘ngli yorishdi. U  dastlab yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Ancha tashvish va xarajatga qo‘yganidan xijolatda ekanligini aytib, Sabohatdan uzr so‘radi. So‘ngra maqsadga ko‘chdi.

– Menga yordam bering, – dedi u. – O‘zimizda ham, xorijiy davlatlarda ham mulkim bor. Yaratganning hozirgi sinovli kunlaridan o‘tib olaylik, hammasi izga tushadi. Xarajatlaringizni ko‘nglingizdagidan ortiq qilib, qaytaraman…

Abdullo aka Shavkatni bankning valyuta bo‘limiga ishga qo‘yib xato qilgani, o‘g‘li jinoyatga qo‘l urgani, hozir odamlarning pullarini qaytarayotganini aytib, 2 ming AQSh dollari topib berishni so‘raydi.

Sabohat tanishi Dilafruzning uyiga borib, undan 2 ming AQSh dollari oladi va Abdullo akaga eltib berish uchun Surayyoni chaqiradi. Ko‘p o‘tmay Abdullo aka yana pul so‘rab qo‘ng‘iroq qilganida, tag‘in u Dilafruzdan 1 ming 800, 20 yanvar kuni esa undan 2 ming AQSh dollari qarz ko‘taradi. O‘zidan 500 AQSh dollari qo‘shib, Surayyodan berib yuboradi.

Kutilmaganda, fevral oyining boshlarida Sabohatga Farrux qo‘ng‘iroq qiladi.

– Xabaringiz bo‘lsa, Shavkat akaning ishlariga men ham aralashib qolgandim, – deydi bo‘lajak kuyov. – 600 AQSh dollari  kerak, yordam bering. Surayyo opaga bersangiz, menga yetkazadi.

Sabohat bu safar Natasha ismli ayoldan 600 AQSh dollari qarz oladi.

Xalqimizda “Qarz so‘raganning bir yuzi, qarz berganning ikki yuzi qora” degan naql bor. Olingan qarz qaytarilishi kerak. S.Yusupova   nafaqat yuqorida tilga olinganlar, balki boshqa aldov zamiridagi iltimoslar uchun ham ko‘pchilikdan katta miqdorda qarz ko‘targandi. Qarz berganlar pullarini so‘rab kela boshlaydi. Shunda u o‘rtada vositachilik qilayotgan Surayyo Xonnazarovaga bu haqda aytadi. Surayyo esa Sabohatni shaharning “Sogdiana” qahvaxonasi yaqinidagi hashamdor hovlilar oldiga ergashtirib boradi. “Mana shu hovlilar Abdullo akaga tegishli, – deydi qo‘li bilan ko‘rsatib. – Ularni sotish uchun hujjatlarini to‘g‘rilayapti. Har biri 25 ming AQSh dollaridan ketadi. Sizga 15 ming AQSh dollaridan narxlab beradi. Shunday ekan, qarzni o‘zingizning hisobingizdan qaytarsangiz ham kam bo‘lmaysiz”.

Bu aldovdan so‘ng Sabohat o‘zining “Matiz” rusumli avtomashinasini sotuvga qo‘yadi. Sotuvdan tushgan 3 ming 300 AQSh dollari bilan tanishlaridan olgan qarzning bir qisminigina uzadi.

Bu dunyoda o‘ta ishonuvchan va soddadil bo‘lish yaxshi emas ekan. Agar o‘xshatish joiz bo‘lsa, daraxtning bo‘shiga qurt tushishligi shundan bo‘lsa kerak-da. O‘ta darajada ko‘ngilchan S.Yusupova muqaddam firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etib, sakkiz marotaba sudning qora kursisiga o‘tirgan, jazoni o‘tasa-da, to‘g‘ri yo‘lga tushmagan, odam qiyofasidagi iblis S.Xonnazarova va uning tomonidan puxta tuzilgan jinoiy rejani amalga oshirishda ishtirokchilik qilayotgan sheriklari tuzog‘iga tushib qolgandi.

* * *

Mo‘may boylikdan mazzaxo‘rak bo‘lgan S.Xonnazarova qilmishlari oshkor bo‘lib qolmasligi hamda S.Yusupovani aldab, uni tag‘in mulkini berishga majbur holga keltirish jinoiy harakatiga tushadi. Uning jinoiy topshirig‘i bilan bir kuni Abdullo Ziyoyev Sabohatga qo‘ng‘iroq qiladi. “Sizning nomingizga barcha mulklarim va pullarimni o‘tkazmoqchiman, – deydi u Sabohatdan fuqarolik pasporti ma’lumotlarini so‘rarkan. –Toshkentdagi uylarim, Moskva shahridagi do‘konim, Qoraqalpog‘istondagi murabbo ishlab chiqaradigan kichik zavodim ham sizniki bo‘ladi”.

Aslini olganda, jabrlanuvchini xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi “Abdullo Ziyoyev”man deb aldab kelayotgan shaxs, 1980 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, bor-yo‘g‘i o‘rta ma’lumotga ega, oilasidan ajrashgan va tayinli bir ishning boshini tutmagan Jahongir Omonov edi. Firibgar S.Xonnazarovaning topshirig‘iga ko‘ra, S.Yusupovani kurakda turmaydigan yolg‘onlari bilan avragan bu kimsa muqaddam dastlab ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan. Ikkinchi marotaba u Buxoro viloyat sudining 2001 yil 26 fevraldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, muddati 17 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Voqea tafsilotiga qaytadigan bo‘lsak, “Abdullo Ziyoyev”ning mavjud bo‘lmagan mulk va pullari o‘zining nomiga o‘tishini eshitgan S.Yusupova “Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘” deb eskilar bekorga aytishmagan ekan, deya quvonadi. Quvonchi uzoq cho‘zilishiga asos tug‘ilgandi. Negaki, Abdulloning qo‘ng‘irog‘idan chamasi bir soatlar o‘tib, u bilan Rossiya Federasiyasidan bog‘lanishadi. Moskva shahridan bank xodimasi Adeksandra Ivanovna deb o‘zini tanishtirgan ayol ham Sabohatdan fuqarolik pasporti ma’lumotlarini so‘raydi. “Sizning nomingizga chet davlatlardan avval 240 ming, keyin 160 ming AQSh dollari miqdorida pul tushgani to‘g‘risida “uvedomleniYE” keldi” deydi u…

Shu o‘rinda oydinlik kiritadigan bo‘lsak, “Aleksandra Ivanovna”, shuningdek voqea tafsilotidan sizga tanish “Munavvar”ning qizi “Gulmira” sifatida telefon qilgan ayol Sabina Do‘stmurodova edi. 1975 yilda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan, o‘rta ma’lumotli, oilasidan ajrashgan S.Do‘stmurodova muqaddam tovlamachilik va odam o‘ldirishga suiqasd qilishda ayblanib, sudlangan. Jazoni o‘tash chog‘ida S.Xonnazarova bilan tanishgan. Bu firibgar ayni chog‘da Kogon shahrida yashab kelgan.

“Aleksandra Ivanovna” firib o‘chog‘iga o‘t qalayotgan S.Xonnazarovaning jinoiy topshirig‘i bilan 2018 yilning 21 may kuni raqami yashiringan telefondan Sabohatga qo‘ng‘iroq qiladi. Hisob raqamiga 140 ming AQSh dollari tushgani sababli bankka 380 AQSh dollari miqdorida pul to‘lashi lozimligini aytadi. “Bizning bankka pulingizni o‘tkazib beradigan odam sizga uchrashadi, kuting” deya telefonni o‘chiradi. Ko‘p o‘tmay unikiga “Moskvaga 380 AQSh dollari jo‘natishim kerak ekan” deb Surayyo kirib keladi.

Bo‘yog‘ini eshitsangiz, “Aleksandra Ivanovna” Portugaliya, Belgiya va boshqa davlatlardan 24 may kuni 105 ming, 25 may kuni 110 ming, 30 may kuni 160 ming AQSh dollari miqdorida hisob raqamiga pul tushganini aytib qo‘ng‘iroq qiladi. Ularning “uvedomleniya”si, “penya”si, “dovostrebovaniya”si uchun 820 mingdan – 1 ming 200 AQSh dollarigacha miqdorida to‘lovlarni amalga oshirishni so‘raydi.

Avval qilingan katta miqdordagi chiqimlardan so‘ng tilga olinayotgan buncha pulni topish oson emas. Sabohat esa, sarobga ishonib uydagi mebellar, ro‘zg‘or buyumlari, tilla taqinchoqlar, hattoki kiyilmagan yangi poyabzallarini ham sotadi, ba’zilarini garovga qo‘yib, qarz ko‘taradi.

Bir gal “Aleksandra Ivanovna” bank xizmati haqiga pul o‘tkazish zarurligini aytib, qo‘ng‘iroq qilganida Sabohat nega hanuzga qadar pullari O‘zbekistonga yetib kelmayotganini so‘ragan.

– Sizlarda bankda o‘tirganlar ishni bilmasa, biz aybdormi, – javob qiladi “Aleksandra Ivanovna”. – Yaxshi, – deydi u, – bankimiz huquqshunosi Proxorov bilan bank boshqaruvchisi Boris Nikolayevich pulning tushmaslik sabablariga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekistonga borishmoqchi. Ularning borib-kelish xarajatlari uchun 1 ming 200 AQSh dollar jo‘nating.

Afsuslar bo‘lsinki, S.Yusupova bu aldovga ham ishonadi. Xorijlik bank xodimlari O‘zbekistonga kelib ishini hal qilib berishligi uchun S.Xonnazarovaga 1 ming 200 AQSh dollari topib beradi. Ertasi kuni “Aleksandra Ivanovna” telefon qilib, hisob raqamiga tranzit bilan 290 ming AQSh dollari ko‘chirilgani, Buxoro uni qabul qilmagani uchun bu pullar Toshkentga “Milliybank”ka tashlab berilganini aytadi.

Birpas o‘tib, Toshkentdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. O‘zini Akbar Nurillayev deb tanishtirgan kishi “Shavkatning otasi Abdullo akaning shogirdiman, xorijdan tushgan pullaringiz “Milliy bank”da taxlanyapti. Sizdan bank xizmati haqiga 420 AQSh dollari to‘lov bo‘lishi kerak” deydi.

“Abdullo Ziyoyev”, “Aleksandra Ivanovna”larning qo‘ng‘iroqlari to‘g‘ri ekanligini tasdiqlagan bu xabardan juda mamnun Sabohat xursandchiligini Surayyo bilan baham ko‘radi. Toshkentdan aytilgan 420 AQSh dollarni to‘lov qilish uchun Surayyoga berib yuboradi.

Qisqasi, firibgarlikda tulkiga ham chap berishga qodir S.Xonnazarova 2017 yilning iyun oyidan qamoqqa olingan 2018 yilning 24 sentyabriga qadar jabrlanuvchi S.Yusupovaning ishonchiga kirib, uni aldagan va ana shu ishonchni suiiste’mol qilib, mol-mulkini o‘zlashtirib kelgan. Firibgar S.Xonnazarova jinoiy faoliyati davomida yana boshqa bir fuqaro F.Chorshamovani ham “chuv” tushirgandi. U.Chorshamovaning uyidan Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan turli xildagi kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlari, maishiy texnika uskunalari, oshxona jihozlari va turli idish-tovoqlarni aldov yo‘li bilan olib ketib, jabrlanuvchining 48 million 55 ming 442 so‘mlik mulkini o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgandi.

* * *

Endi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ushbu firibgarlik jinoyatining boshqa ishtirokchilariga to‘xtaladigan bo‘lsak, S.Xonnazarova Sabohatni dollar sotib olishga qiziqtirib, Shavkat bilan tanishtirgandi. Voqeada keltirilganidek, “Shavkat Ziyoyev” bankka umuman aloqador odam emas. U Surayyoning hamtovog‘i Keldiyor Rajabov edi. Jinoiy kirdikorlari ochilib qolishidan qattiq xavotirga tushgan K.Rajabov qayergadir qochib ketgan va u hozir ham qidiruvda.

Voqealar davomida tilga olingan bank boshqaruvchisi “Jasur Xonnazarov”, Surayyoning Buxoro shahar banklaridan biridagi kredit bo‘limida ishlovchi ukasi “Uyg‘un”, Moskva shahar banki boshqaruvchisi “Boris Nikolayevich”, huquqshunosi “Proxorov”lar aslida yo‘q odamlar. G‘arazli maqsadini amalga oshirish uchun S.Xonnazarova ularni o‘ylab topgan.

Shavkatning ammasi, Farruxning onasi, S.Yusupovaning bo‘lajak qudasi “Munavvar” deganlari Zulfiya Ashirmatova edi. “Ko‘r ko‘r bilan qorong‘uda topishadi” deganlaridek, Z.Ashirmatovaning ijtimoiy kelib chiqishi sudlanuvchi S.Xonnazarova va S.Do‘stmurodovalarnikiga aynan o‘xshash. “Munavvar”ning o‘g‘li, bo‘lajak kuyov “Farrux” sifatida jinoiy faoliyatda Sherbek Rahmatov qatnashgan. Mazkur jinoyat ishida Mamasharif Yo‘lchiyev va Barno Usmonovalar ham boshqa sudlanuvchilar singari ishtirokchilik qilishgan.

Toshkentdan jabrlanuvchiga “Abdullo akaning shogirdiman” deya puli taxlanayotgani haqida xabar qilgan “Akbar Nurillayev”ning shaxsi noma’lum. S.Xonnazarova ushbu shaxsi noma’lum kimsaga ko‘chada aytib turib, S.Yusupovaga qo‘ng‘iroq qildirgan.

Shunday qilib, S.Xonnazarova bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jabrlanuvchi S.Yusupovaga jami 829 million 579 ming 762,92 so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan. Jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning 93 million 829 ming 315 so‘migina qoplangan. F.Chorshamovaga S.Xonnazarovaning yetkazgan moddiy zarari 48 million 55 ming 422 so‘m.

Sudlanuvchi S.Xonnazarova Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli topildi. Birinchi bosqich sudi unga nisbatan Jinoyat kodeksi 59-moddasi tartibida  uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm o‘qidi. Xuddi shuningdek, sudlanuvchilardan S.Do‘stmurodova 6 yil 4 oy, J.Omonov 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Sud sudlanuvchilardan Z.Ashirmatova, SH.Rahmatov, M.Yo‘lchiyev, B.Usmonovalarga jabrlanuvchiga yetkazgan zararni qoplaganliklari va jazoni yengillashtiruvchi boshqa holatlarni inobatga olib, tegishli muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

* * *

Sud amaldagi qonunlar va Oliy sud Plenumining 2016 yil 27 dekabrdagi “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori rahbariy tushuntirishlariga asoslanib, jabrlanuvchilarning qonuniy manfaatini to‘liq ta’minladi. Yetkazilgan zararning qoplanmagan qismi S.Xonnazarova, S.Do‘stmurodova va J.Omonovlardan solidar tartibda jabrlanuvchi S.Yusupova foydasiga undiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, sudlanuvchi S.Xonnazarovadan jabrlanuvchi F.Chorshamovaga yetkazilgan 48 million 55 ming 422,5 so‘m zarar undirilishi sud hukmida qayd etildi.

Dastlabki tergov organi tomonidan xatlangan J.Omonovning nomidagi “Matiz” rusumli avtomashina jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratildi.

* * *

Hamisha ravon kechmaydigan, past-balandliklardan iborat bu hayotda har qanday jinoiy qilmish nihoyasi afsus-nadomatga sabab bo‘lgan. Xususan, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq firibgarlik jinoyati ham birovga biron marta obro‘ yoki boylik keltirmagan. Chunki jinoyat ko‘chasining boshi berk. Firibgarlikda ustomon S.Xonnazarova va uning bilan jinoiy til biriktirgan kimsalarning boshi berk ko‘chadagi “o‘yin”i alaloqibat ularning yuziga qora chaplashdan nariga o‘tmadi.

Boshiga tushgan tashvishlarda jabrlanuvchini muhtaram gazetxon aslo oqlamasa kerak. To‘g‘ri, samimiylik, soddalik, ishonuvchanlik sharqona tabiatimizga xos xislat. S.Yusupovaning soddaligi, ko‘ngilchanligidan firibgarlar foydalangani rost. Lekin voqealarning bu darajada chuqurlashishiga soddalik va ishonuvchanlikning o‘zi nazarimizda kamlik qiladi. Shiddatli kechayotgan hayot oqimidan ortda qolish, iqtisodiy va huquqiy bilim, tartib-taomillardan bexabarlik jabrlanuvchini firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishiga sabab bo‘lganini ham unutmasligimiz kerak.

Manba: hudud24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!