Arining zahrin chekmagan...

Arining zahrin chekmagan...

Har yili aprel kelsa, shu voqea esimga tushaveradi.
Otam rahmatli qovun, tarvuz, uzum, anor, olma kabi mevalarni qishga g‘amlab qo‘yib, to may oyigacha saqlardi. Har gal uyda palov pishsa, izidan qovun so‘yilishi odat tusiga kirgandi. Bunday meva-cheva, poliz mahsulotlarini qishga saqlash kishidan o‘ta mahorat va qunt talab qiladi. Axir, qishning qahratoni sovuq kunlari bor. Otam ularni go‘dakni avaylaganday saqlardi.

Aprel oyining oxirlari edi o‘shanda. Otam bir kuni meni oldiga chaqirib:

Akang anchadan beri kelgani yo‘q. Nevaralarimni sog‘indim. Saqlayotgan qovun-tarvuzlarimiz ham oz qolyapti. Har qaysidan bittadan ol-da, shaharga jo‘na, deb bittadan tarvuz-qovunni to‘rvaxaltaga solib berdi.

Shu paytgacha turganidan qovun va tarvuzning u-bu joylari urilib, zaha yegan. Otam bilan qovun-tarvuzlar orasidan saylab-saylab shuginani topgan edik. Shaharda yashaydigan akamlarnikiga jo‘nar ekanman, otam:

Yangang gap qilmasa bo‘ldi-yov, deb qoldi.

Gap topib, o‘libdimi, jon der, qovunni aprelgacha saqlashning o‘zi bo‘ladimi? Bozorda tillaga ham topilmasa , dedim ichimda.

Yo‘lga tushdim.

Jiyanlarim ur-sur qilib, qo‘limdagi to‘rvaxaltaga yopishishdi. Kelinoyim bilan so‘rashgan bo‘ldim. Akam ishda ekan. Kechqurun mehmon sharafiga uyda osh qilindi. Akam bilan ancha vaqtgacha gaplashib, chaq-chaqlashib o‘tirdik. Osh suzildi. Oshni yeb bo‘lgach, kelinoyim akamni oshxonaga chaqirdi. Akam men olib kelgan qovunni tiliklab, laganlarga qo‘yayotgan ekan, qo‘limni yuvgani dahlizga chiqdim. Shunda kelinoyimning:

Dadam ham xo‘p ziqna-da, kelib-kelib zaha yegan qovunlarni bizga jo‘natibdi, degan gapi qulog‘imga chalindi. Ichimda bir nima chirt uzilganday bo‘ldi.

Beixtiyor otamning gapi xayolimga keldi. Qovun picha zaha yegan bo‘lsa-da, juda shirin edi, jiyanchalar quvona-quvona yeyishdi. Kelinoyimning gapi ko‘nglimni xira qilgan esa-da, jiyanlarimning quvonganiga men ham xursand bo‘ldim. Beixtiyor otamning arining zahrin chekmagan bolning qadrini ne bilsin , degan hikmatomuz gapini esladim.

Manba: zamin.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!