Almazbek Atambayev tartibsizliklar uyushtirishda ayblanmoqda

Almazbek Atambayev tartibsizliklar uyushtirishda ayblanmoqda

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari respublikaning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan Bishkekda tartibsizliklar uyushtirganlikda va o‘tgan yilning oktyabr oyi boshlarida hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga urinish kabi ikki ayblov qo‘ydi. Bu haqda Qirg‘izistonning sobiq rahbariga advokatlik qilayotgan Sergey Slesarev ma’lum qilgan.

«Atambayevga o‘tgan yilning oktyabr oyi boshida poytaxtda tartibsizliklar uyushtirganlikda va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinishda gumon qilinganligi to‘g‘risida ogohlantirish topshirildi», - degan u. Himoyachining ta’kidlashicha, tartibsizlikning birinchi kunlarida sobiq prezident hibsda bo‘lgan va tartibsizliklarni uyushtirishda jismonan qatnasha olmagan.

Bu ishda Atambayev bilan bir qatorda prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq prezidentning qo‘riqchisi Kanat Sagimboyev va Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanovlar ham ayblanmoqda.

Qirg‘iziston poytaxtining markaziy maydonida 5-6 oktyabr, shuningdek, 2020 yil 9 oktyabrda turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Natijada g‘alabani amaldagi prezident Sadir Japarov tarafdorlari qo‘lga kiritib, raqiblarni maydonni tark etishga majbur qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida noma’lum shaxs Atambayev bo‘lgan mashinaga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzgan, biroq sobiq davlat rahbari jarohat olmagan. Jinoyatchi hali ham topilmagan.

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atambayev birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga yerni taqsimlashdagi korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish kabi bir nechta ayblovlar qo‘yilgan. Bir necha oy oldin, sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!