Abdulla Qurbonov “Million”ni tahqirlagani uchun oxirgi bor ogohlantirildi

Abdulla Qurbonov “Million”ni tahqirlagani uchun oxirgi bor ogohlantirildi

Avvalroq, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida  “Milliy estrada san’atining yoshlar ma’naviy, axloqiy tarbiyasidagi o‘rni va san’atkor odobi” mavzuida ma’naviyat soati tashkil etilgani haqida xabar bergan edik. Unda so‘z olgan DM direktori Odiljon Abduqahhorov xonanda Abdulla Qurbonovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan intervyusini, aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Million” jamoasi haqidagi mulohazalarini qattiq tanqid qildi. U xonandani so‘nggi bor ogohlantirayotganini urg‘uladi.
“Abdulla aka, men sizni oxirgi bor ogohlantiryapman. O‘zingiz “Million”ning konsert dasturida 3-4 kunlab qulluq qilib turdingiz, fotiha berdingiz. Bu tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaldi. Oradan vaqt o‘tgandan keyin “million bashara” deb intervyu berishning nima keragi bor?
“Million” menga hech kim emas! Gap shundaki, siz san’atkorsiz, madaniyat xodimisiz, shu bois “million bashara” deb gapirishingiz mutlaqo noto‘g‘ri. Bu nafaqat Abdulla akaga, boshqalarga ham tegishli. Intervyuda gaplaringizga jiddiy e’tibor beringlar”.
Ushbu masala ko‘tarilgan chog‘da xonanda Abdulla Qurbonov ham zalda edi. Biroq Abduqahhorovga nisbatan g‘iq etgani yo‘q. Na o‘zini oqladi, na “Million”ni qoraladi.
Masalaning boshlang‘ich nuqtasiga qaytsak. “Million” jamoasi joriy yil taqdim etgan konsert dasturida Abdulla Qurbonov bilan bog‘liq sahna ko‘rinishi bor edi.   Oradan ko‘p o‘tmay, Abdulla Qurbonov “Million”ga nisbatan tahqirli intervyu berdi. Jamoa a’zolarini “million basharalar” dedi, ularni Xudoga solganini aytdi. Holbuki, o‘sha konsertda Abdulla Qurbonovning o‘zi ham tomoshabinlar qatorida bo‘lgan. Abduqahhorov aytganidek, jamoadagilarga bu sahna ko‘rinishi yuzasidan e’tiroz bildirmagan.
Ma’naviyat soatida gap yana ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan suratlarga borib taqaldi. Odiljon Abduqahhorov san’atkorlardan saharlik va iftorlik vaqtidagi to‘kin dasturxonni suratga olib, restoranlardagi taomlar rasmlarini hadeb tarmoqqa joylashtirib, xalqning nafsoniyatiga tegmaslikni, aksincha, yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan, ularni ilm olishga, kasb-hunar egallashga undaydigan tarbiyaviy ahamiyatga ega video va suratlar joylashtirishlarini so‘radi.

Manba: qalampir


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!