Yaponiyaga Islom qachon kelgan?

Yaponiyaga Islom qachon kelgan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Islomning Yaponiyaga qanday kirib borgani ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Milodiy 1878 yilda boshlangan Yaponiya Uyg‘onish davri ( meydzi )ning ilk pallalarida Osiyoda qudratli ikki mustaqil davlat Yaponiya va Usmonli saltanatgina mavjud edi. Har ikki davlatga ham G‘arb va chor Rossiyasi tinmay xavf solib turar, ular hamisha siyosiy va iqtisodiy bosim ostida yashashar edi. Shu bois Yaponiya va Turkiya bir-birlari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishga harakat qilishardi. Ikki mamlakat o‘rtasida harbiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda madaniy hamkorlik oliy darajaga ko‘tarilgan edi.

Istanbul va Tokio bir-birlariga muntazam rasmiy vafdlar (delegasiyalar) jo‘natib turishardi. Ana shunday muhim vafdlardan birini sulton Abdulhamid Kunchiqar mamlakatiga 1890 yilda Al-Tug‘rul kemasida yubordi. Uning tarkibida Usmon Poshsho boshchiligida yetti yuzdan ziyod harbiy mutaxassis va yo‘riqchi bor edi. Tashrif asnosida Usmon Poshsho Yaponiya imperatori bilan ko‘rishdi. Safarqariganidan so‘ng vafd vataniga yo‘l oldi. Biroq Osaka sohillari yaqinida kema to‘fonga uchrab cho‘kib ketdi. Buning oqibatida besh yuz ellik kishi, shu jumladan sultonning ukasi va Usmon Poshsho halok bo‘lishdi.

Yaponlar va usmonlilar fojiadan qattiq iztirobga tushishdi. Kema halokatida omon qolganlarni ikki yapon kemasida Istanbulga olib kelishdi. Halok bo‘lganlar Yaponiyada dafn qilindi, fojia joyida yodgorlik o‘rnatildi.

1891 yilda yapon jurnalisti Oshataro Noda vatanida Al-Tug‘rul kemasida halok bo‘lganlarning oilasi uchun xayr-ehson to‘pladi va Istanbulga yo‘l oldi. U to‘plangan mablag‘ni Usmonli saltanat rahbarlariga topshirdi. Istanbulda Oshataro angliyalik musulmon Abdulloh Kuilyam bilan uchrashdi. Ko‘p o‘tmay olis Yaponiyadan kelgan mehmon Islomni qabul qilishga musharraf bo‘ldi va o‘ziga Abdulhalim ismini oldi. Oshataro Nodani haqiqiy ma’noda birinchi yapon musulmoni deyish mumkin.

Oldin nasroniy savdogar bo‘lgan Ahmad Arija uchinchi yapon musulmoni hisoblanadi. 1890 yilda u Bombayda bo‘lganida masjid naqshlariga mahliyo bo‘lib, u yerga kirib qoladi va shu masjidda Islomga kiradi. Vataniga qaytgan Arija din targ‘ibotchisiga aylandi va Qur’oni karim ma’nolarini yapon tiliga o‘girish ishlarida qatnashdi.

1903 yilda turk sultoni vakili Muhammad Ali Yaponiyaga keladi. U Iokagamada masjid qurishni rejalashtirgan edi. Oradan ikki yil o‘tib Hindistondan kelgan musulmon da’vatchi Sarfaroz Husayn Nagasaki va Tokioda Islom haqida ma’ruzalar qildi. 1905 yilda Rossiyadan hijrat qilgan tatar oilasi Osakada birinchi masjidni qurdi.

Yaponiyaga ko‘chib kelgan musulmonlar orasida chuqur bilimli kishilar ko‘p bo‘lgan. Omsk guberniyasining Tara shahrida tug‘ilib o‘sgan mashhur tatar ma’rifatparvari Abdurashid Ibrohimov 1909 yilda Yaponiyaga keladi. U bu mamlakatda olti oy bo‘lib, safari chog‘ida oddiy dehqondan tortib vazirgacha turli tabaqadagi kishilar bilan uchrashadi. Rusiyalik din targ‘ibotchisining kuch-g‘ayrati tufayli ko‘pgina yaponlar Islomni qabul qilishdi. Ular orasida mutafakkirlar, jurnalistlar, harbiylar va yoshlar bor edi. Abdurashid Ibrohimov Yaponiya va yapon musulmonlari haqidagi taassurotlarini Islom olami va Yaponiyada Islomning yoyilishi nomli kitobida bayon etadi.

Hindistondan kelgan muhojir, Tokio dorilfununida ilk urdu tili muallimi Muhammad Barakatulloh ham o‘sha davrning eng yorqin siymolaridan edi. 1910 yilda Muhammad Barakatulloh Islom birdamligi degan jurnal tashkil etdi va u uch yil mobaynida muntazam nashr qilindi.

XX asr boshlarida Yaponiyaga kelgan musulmonlar orasida salohiyatli kishilar ko‘p bo‘lgani bois, bu davr tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Al-Aqqod tilgan olgan Misr zobitlaridan biri Ahmad Fazli haqida ancha ma’lumot to‘plashga muvaffaq bo‘ldim. U rus-yapon urushidan keyin Kunchiqar mamlakatda qolgan va 1908 yilda yapon ayoliga uylangan. Abdurashid Ibrohimov va Muhammad Barakatulloh bilan yaqinlashib, ularning faoliyatiga yaqindan yordam bergan.

1909 yilda Umar Yamaoka ismli birinchi yapon haj qilgan, Makka va Madinadagi tarixiy joylarni borib ko‘rgan.

Yaponlarning bir qismi Islomni Xitoyda qabul qilgan. Ular orasida taniqli mutafakkir, Qur’oni karim ma’nolarini yaponchaga tarjima qilgan Umar Mita ham bor edi.

XX asrning 20-yillarida Yaponiyada Islom dunyosiga e’tibor kuchaygan davr bo‘ldi. Har ikki taraf o‘rtasida madaniy va iqtisodiy aloqalar ancha chuqurlashdi. Kunchiqar mamlakatda islomiy tashkilotlar ochildi, Qur’oni karim ma’nolarining yaponchaga bir necha tarjimalari paydo bo‘ldi, ko‘plab sharq adabiyoti namunalari nashr etildi. Bu davrda Yaponiyada musulmonlar soni ancha ortgan, bu asosan kommunistlar ta’qibidan qochib Rossiyadan Yapon orollariga talpingan tatarlar edi. Ko‘plab tatar muhojirlari Tokio, Nagoya va Kobe shaharlarida o‘rnashib qolishdi.

Xitoyda Islomga kirgan Nur Ippe Tanaka haj qilgan ikkinchi etnik yapon bo‘ldi. Yangi yapon musulmonlari Islom dunyosi bilan bog‘lanib turishga intilishar edi.

XX asrning 30-yillarida Yaponiya musulmonlari ijtimoiy hayotida din arbobi, tatar jamoasi rahbari Abdulhay Qurbonovning nomi paydo bo‘ldi. Uning faoliyati rang-barang bo‘lgan: u tatar tilida jurnal nashr etgan, bu jurnal Yaponiya va uning tashqarisidagi o‘lkalardagi tatarlar orasida nihoyatda mashhur bo‘lgan, islomiy nashriyot ochib, unda Qur’oni karim chop etgan, musulmonlar jamoasi bilan yapon hukumati o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shgan.

Kelib chiqishi yapon bo‘lgan musulmonlardan Mustafo Komurani alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. U Yaponiyadagi dindoshlariga katta xizmat qildi, islomiy bilimlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan talabalarning Pokiston, Malayziya, Saudiya Arabistoni va Islom dunyosining boshqa o‘lkalariga o‘qishga borishlariga yordam berdi. Bu davrda haj va umra qilgan yaponlar soni ancha ortdi. Ikkinchi jahon urushida Osiyoning bir qismini bosib olgan yaponlar boshqa xalqlarning madaniyati bilan to‘qnash kelishdi. Natijada yapon armiyasining ko‘plab askar va zobitlari Islom diniga kirishdi. Urush harakatlari to‘xtaganidan keyin armiya Yaponiyaga qaytgach, uning tarkibida ancha-muncha musulmon bor edi.

Yapon musulmonlarining birinchi rasmiy tashkiloti 1953 yilda tashkil topdi. Shu davrda uch musulmon: Abdurashid Arshod, Umar Mita va Mustafo Komura Qur’oni karim ma’nolarini yangidan yapon tiliga tarjima qilishdi. 1961 yilda Yaponiyada ilk musulmon talabalar tashkiloti ta’sis etildi.

1970 yilda Saudiya Arabistoni podshohi Faysal ibn Abdulazizning Yaponiyaga tashrifi o‘tgan asrning yorqin voqealaridan bo‘ldi. Podshoh safari chog‘ida yapon va janubiy Quriya musulmonlari vakillari bilan uchrashdi, Qur’oni karim ma’nolarini Umar Mita tomonidan yapon tiliga o‘girish bo‘yicha yangi loyihani homiyligiga oldi, bu nashrni moliyalash uchun Saudiya elchixonasida maxsus jamg‘arma tashkil etildi.

70-yillarda Yaponiyada Islom diniga qiziqish yangi bosqichga kirdi. Butun mamlakatda Islomga bag‘ishlangan ma’ruza va suhbatlar o‘tkazilar, yapon tilidagi islomiy adabiyotlar katta nusxalarda chop etilar, hajga boruvchilar soni tobora ortib borar edi. Imom Muhammad ibn Saud nomidagi Islom dorilfununi qoshida Arab Islom instituti ish boshladi. O‘n yil oldin Yaponiyadagi musulmonlar uch mingdan oshmagani holda bu davrga kelib ular soni o‘n baravarga ortdi.

80-yillarga kelib ham Islom dini Yaponiyada keng ravnaq topdi. Saudiya Arabistoni podshohi Xolid ibn Abdulaziz Tokioda yirik Islom markazi qurish uchun yer sotib oldi. Musulmon mamlakatlaridan bu yerga ko‘plab odamlarning ko‘chib kelishi tufayli musulmonlar soni keskin ko‘paydi. 1986 yilda Tokiodagi tatarlar qurgan eski masjid buzilib, o‘rniga Turkiya yordamida usmonlilar uslubida muhtasham yangi masjid tiklandi. Tokiodagi bu masjid Yaponiyadagi Islom ramziga aylandi. Nagoya, Osaka va boshqa shaharlarda ham ko‘rkam va muhtasham masjidlar qurildi.

Yaponiya ko‘hna madaniyat va boy an’analar mamlakati bo‘lgani uchun ham ummon ortidan yapon jamiyatiga to‘fon kabi yopirilib kelayotgan irqchilik, Islom bilan qo‘rqitish, dinlararo ixtilof solish kabi ijtimoiy illatlar yaponlarga yotdir. Uzoq tarixga ega Yaponiyaning Islom dunyosi bilan do‘stona munosabatlari ana shu illatlardan himoyalanishda yordam beradi.

Solih Samarriy

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!