«Xudojon, meni jannatga olib ket... U yerda hecham to‘polon qilmayman»

«Xudojon, meni jannatga olib ket... U yerda hecham to‘polon qilmayman»

Reychel Kerri o‘ldirilganida 23 yoshda edi...

16 yil avval xuddi bugungidek G‘azoning go‘daklari o‘ldirilarkan, Reychel dunyoning narigi chekkasidan – Vashingtondan G‘azo xalqining yonida bo‘lmoq uchun yo‘lga chiqdi. Falastinliklar bilan uning na tili ayni edi, na dini. Ammo haqsizlik qarshisiga chiqqan inson uchun bularning ahamiyati yo‘q. Olov qalbli amerikalik qiz haqsizliklardan iztirob chekayotgan, boshiga balolar yog‘ilayotgan g‘azoliklar bilan yetti hafta yashadi. Ularning boshiga tushayotgan musibatlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Birga azob tortdi, birga yig‘ladi... Onasiga yuborgan so‘nggi maktubida shunday yozgan edi:

«Tan olaman, onajon, yana dugonalarim bilan ilgarigidek hazillashib, kulishib, xiyobonlarda yayrab yurishni istayman. Raqs kechalariga borishni xohlayman. Kechqurunlari qornim to‘q, yumshoq o‘rinlarda xotirjam uxlashni istayman. Lekin qilgan ishimdan aslo pushaymon emasman. Men hozir bo‘lishim kerak bo‘lgan joydaman. Men bu haqsizliklarga chek qo‘yilishi uchun qo‘limdan kelgan ishni qilishim kerak... Balki qo‘limdan hech narsa kelmas, lekin harqalay vijdonim oldida yuzim yorug‘ bo‘ladi.

Onajon, men bu yerda ko‘rgan dahshatlarimni aytsam, hayotingizning qolgan qismini tinch yashab o‘tolmaysiz. Ko‘zlarimga ishonolmayapman, dahshatdan kechalari uxlolmayapman. Dunyomizning asl yuzi mana shunday ekanini va bu haqsizliklarga, bu zulmga indamay qarab turgan yoki ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olayotgan milliardlab odamlar borligini o‘ylasam, yuragimdagi nafrat, isyon bo‘g‘zimga toshib kela boshlaydi. Bu zulmni to‘xtatolsam qaniydi! Ona, meni qaytishga majburlamang. Falastindan qaytganim bilan endi avvalgi Reychel bo‘lolmayman...

Qornini snaryad parchasi yorib yuborgan, og‘zidan hozirgina emgan oppoq suti aralash qip-qizil qon kelib, ko‘zchalari kosasidan chiqib ketgan bir yoshli go‘dagini quchoqlab dodlayotgan onani ko‘rgan Reychel... Ikki go‘dagining majaqlangan jasadini ko‘rib, aql-hushidan ayrilgan, bir onda telba bo‘lib qolgan tengdoshini ko‘rgan Reychel... O‘ttiz yoshida sochlari iztirobdan oppoq oqarib ketgan yigitlarni ko‘rgan Reychel... «Xudojon, meni jannatga olib ket. Bu yerda juda qo‘rqyapman. Ukamni olib ketding-ku! Jannatga olib ketsang, hecham to‘polon qilmayman, yaxshi qiz bo‘lib yuraman», deya qo‘lchalarini duoga ochib o‘tirgan mitti qizchaning azoblarini ko‘rgan Reychel qanday xotirjam yashay oladi?!

Bu yerga kelganim hayotimdagi eng to‘g‘ri qarorim bo‘ldi. Onajon, agar zulm bizdan bo‘lsa, men bizlardan emasman! Mening so‘nggi so‘zim shu! Men bizlardan emasman!..»

2003 yilning 23 mart kuni Isroil qurolli kuchlariga qarashli zirhli buldozer falastinlik bir oilani yo‘q etmoq uchun ilgariladi. Reychel buldozerning yo‘liga chiqib turib oldi. Buldozer ichidagilar biroz taraddudda qolishdi. Ular isyonkor bu amerikalik qizni yaxshi tanib qolishgandi. U har kuni Isroil askarlari turgan bo‘lgaga borib, ular bilan yuzma-yuz dahanaki jang qilardi. Ba’zi paytlarda oyoqlarini, tirnoqlarini ham ishga solardi... Uning Amerika fuqarosi ekani askarlarning uni parchalab tashlashlariga to‘sqinlik qilib turardi.

Buldozer ichidan tahdidli ovoz yangradi o‘sha kuni:

– Hoy qiz, qoch yo‘ldan! Sen amerikaliksan. Bu yerdan darhol uyingga jo‘na! Bu seni oxirgi ogohlantirishimiz!

– Adashasiz! – dedi Reychel. – Men ham G‘azoning bir parchasiman! Qo‘lingizdan kelganini qiling, men ham qo‘limdan kelganini qilaman!

U vahshat solib bostirib kelayotgan buldozerning ro‘parasiga chiqib, tik turdi. Shamolda o‘ynayotgan olovrang sochlari, qarorli boqishlari, dovyurakligi, katta qalbi, baquvvat iymoni bilan dunyoning eng go‘zal qizi edi o‘sha tobda u!

O‘limga qarshi abadiy hayot edi.

Haqsizlikka qarshi adolat edi.

Tinchlikning jonfidosi edi.

Insoniylikning timsoli edi...

Buldozer yana biroz ilgariladi. Reychel unga qarshi yana bir qadam qo‘ydi. Buldozer yana vahshat bilan ilgariladi. Reychelni ezdi. Ezdigina emas, yarim majaqlangan vujudi ustida to‘xtadi... Keyin orqaga biroz yurdi... Keyin yana oldinga yurdi...

G‘azoliklar tez-tez tilga olishadi uning nomini. Hanuz duo qilishadi. Sheryurak qizning jasadi qoldiqlarini kaftlari bilan yig‘ib olishgan yerga – G‘azo janubidagi Rafoh lageriga borib duo qilishadi. Uning falastinliklar tilida shiorga aylanib ketgan so‘zlarini takrorlashadi:

«Agar zulm bizdan bo‘lsa, men bizdan emasman!..»

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!