Xitoylik ikki talaba qalbaki iPhone’lar bilan Apple’ni salkam million dollarga tushirdi!

Xitoylik ikki talaba qalbaki iPhone’lar bilan Apple’ni salkam million dollarga tushirdi!

AQShning Oregon shtatidagi kollejda o‘qiydigan ikki nafar talaba o‘ziga xos usulda kupertinolik korporasiyani laqillatib kelganligi aniqlandi. Endi ularni juda katta miqdordagi jarima hamda bir necha yillik qamoq jazosi kutmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Yangyang Jou hamda Kuan Jiang ismli xitoylik talabalar 2017 yildan beri Apple ning turli servis markazlariga jami 1493 ta iPhone larni topshirishgan. Turli modellardagi ushbu smartfonlarning bitta aybi bo‘lgan ular o‘z-o‘zidan yonmay qolgan . Kompaniya esa ularni o‘sha modellardagi original ayfonlarga bepul almashtirib beravergan. Qo‘lga kiritilgan original iPhone larni esa talabalar o‘z yurtlariga jo‘natishgan Xitoydagi jinoiy sheriklar smartfonlarni sotib berishgan.

Gap shundaki, ular topshirgan smartfonlar aslida Xitoyda ishlab chiqarilgan qalbaki modellar bo‘lgan. Original iPhone larga tashqi ko‘rinishi juda o‘xshash, vazni bir xil bo‘lgan bu qurilmalar yoqilmaganligi bois, servis markazlarida ularni tekshirib bo‘lmas edi. Ichki qismlarini ko‘rish uchun esa korpusni ochish kerak bo‘ladi bu ishni faqat Apple zavodidagina qilish mumkin.

Shu tariqa, bu ikki shovvoz kupertinolik korporasiyaga jami 900 ming AQSh dollari miqdorida zarar yetkazgan. Oxiri ular qo‘lga tushgach, barchasiga oydinlik kiritilgan. Endi Yangyang Jou hamda Kuan Jiang o‘z yurtiga deportasiya qilinishi, sud qaroriga ko‘ra yetkazilgan zararni qoplab berishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!