Xitoy kompaniyasi Buxoroga investisiya kiritadi

Xitoy kompaniyasi Buxoroga investisiya kiritadi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

– 2023 yilning 18 oktyabr kuni Pekin shahrida davlatingiz rahbarining kompaniyamiz raisi Van Bo bilan uchrashuvida ko‘plab sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlar bo‘lgan edi, – dedi Li Xaysin. – Chunki, O‘zbekiston bozori kompaniyamizning investisiyaviy faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Shu tufayli bugun Buxoroga keldik. Bu yerga ilk tashrifim. Buxoro menga juda yoqdi. Mehmondo‘stlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Xitoy kompaniyasi bosh direktori turizm, IT, transport, tibbiyot, chiqindini qayta ishlash sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish istagini bildirdi.

O‘z navbatida Botir Zaripov mehmonlarga Buxoroning boy tarixi, bugungi kuni, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda erishilayotgan yutuqlari, sanoat, ishlab chiqarish, turizm va investisiya yo‘nalishidagi imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, viloyat rahbari Xitoy kompaniyasining salohiyatidan foydalangan holda Buxoroda “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, yangi ma’muriy markaz loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish, aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatish, irrigasiya-meliorasiya tarmoqlarini rivojlantirish, Buxoro shahri va G‘ijduvon tumanida Xitoy tajribasi asosida tibbiyot maskanlari qurishga investisiya kiritishni taklif qildi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv davomida loyihalarni tez fursatda amalga oshirish va doimiy aloqa almashish maqsadida ikki tomonlama ishchi guruh tuzish va ishlarni belgilab olishga kelishildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!