O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi

O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi

Toshkentda 26-iyun kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Global asos – erta harakatni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ekologiya vazirligi, BMTTD, Global ekologik fond (GEF), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN), nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonning Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturiga muvofiq biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi.

“O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha 2030 yilgacha maqsadlar belgilab olingan. Xususan, aholi yashash hududlaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash, bioxilma-xillikni asrab qolish va yashash joylarining 30 foizini yashil hududga aylantirish maqsad qilingan, – dedi Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. – Shuningdek, Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maqsadlardan yana biri o‘simlik va hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yishni kuchaytirishdir. Qolaversa, dorivor o‘simliklardan foydalanish bo‘yicha yiliga 25 ming gektar madaniy plantasiyalar tashkil qilish va hayvonot dunyosi bo‘yicha Toshkent, Termiz, Farg‘ona davlat hayvonot bog‘lari qoshida yovvoyi hayvonlarni reabilitasiya qilish markazlarini tashkil etish kabi takliflar tayyorlangan”.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari 2024 yil oktyabr oyida Kolumbiyada bo‘lib o‘tadigan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilarining 16konferensiyasida jahon hamjamiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda yangilangan maqsadlar bo‘yicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi. Bundan tashqari, BMTTD, GEF va Ekologiya vazirligining “Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatlarni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi 2030 yilgacha butun dunyo bo‘ylab tabiatni muhofaza qilish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq harakatlarni belgilab berishi ta’kidlandi. O‘zbekiston ushbu loyiha dasturiga qo‘shilish orqali uni mamlakatimizda amalga oshirish majburiyatini oldi.

“Dasturda 2030-yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 23 ta maqsad bor. Shuningdek, 2050-yilga borib erishish reja qilingan yana to‘rtta global maqsad mavjud va eng muhim natija — 2050 yilgacha dunyo tabiat bilan uyg‘unlikda yashashi kerak, – dedi loyiha rahbari Sergey Zagrebin. – Bugungi tadbirda ana shu maqsadlar muhokama qilindi. Umid qilamizki, loyiha doirasida tayyorlangan maqsadlar bo‘yicha fikr-mulohazalar, tavsiyalar, qo‘shimchalar, sharhlar bildiriladi va bu maqsadlarimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi”.

Ma’lumot uchun, loyiha 2023 yil fevral oyida boshlangan. 2023 yil oktyabr oyida loyiha doirasida Global bioxilma-xillikni saqlash dasturining amaldagi Strategiyasi va Harakatlar rejasiga muvofiqligi masalalari muhokama qilindi va yangi maqsadlarni aniqlab olish zarurligi belgilab olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!