Hindistonda farmasevtika kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda

Hindistonda farmasevtika kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegasiya amaliy tashrif bilan Hindistonda bo‘lib turibdi. Delegasiya tarkibidan Buxoro viloyati hokimligi hamda farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator kompaniyalar vakillari o‘rin olgan.

Tashrif dasturiga ko‘ra, delegasiya a’zolari Hindiston Kimyo sanoati va o‘g‘itlar vaziri o‘rinbosari – Farmasevtika agentligi direktori bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Agentlik direktori uchrashuv davomida «Tashkent Pharma Park» innovasion ilmiy ishlab chiqarish farmasevtika klasteri haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasida "Global India Business Forum" jamg‘armasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan davra suhbatida ikki mamlakat farmasevtika mutaxassislari yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston delegasiyasi a’zolari tashrif doirasida Telangana va Gujarat shtatlarida ham bo‘ladi. Unda mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi boy salohiyatini taqdim qilish hamda yetakchi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.

***

Shuningdek, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Livanning "Arwan Pharmaceuticals Industries Lebanon s.a.l." kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv tashkil etildi.

Muzokaralarda kompaniya direktori O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, istiqbolli investisiya loyihalarini, jumladan, biotexnologiya yo‘nalishida amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr va rejalarini taqdim etdi. Bu jarayonda ular mamlakatimizda zarur infrastruktura va ishlab chiqarish bazasini yaratish uchun mutaxassislarni jalb qilishga alohida e’tibor berishini ta’kidladi.

Tadbir so‘ngida, "Arwan Pharmaceuticals Industries Lebanon s.a.l.” kompaniyasi O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!