Xalqaro ekspertlar fikri: “Jasliq” yopilishini 20 yildan beri so‘rab kelayotgandik”

Xalqaro ekspertlar fikri: “Jasliq” yopilishini 20 yildan beri so‘rab kelayotgandik”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Jasliq” 19-son ixtisoslashtirilgan koloniyasini tugatish to‘g‘risidagi qaroriga qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘z munosabatini bildirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Xususan, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis UYElls o‘zining “Tvitter”dagi akkauntida quyidagilarni yozib qoldirdi: “Biz O‘zbekistonning yomon nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasini yopish to‘g‘risidagi e’lonini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonda inson huquqlarini yaxshilash uchun hali oldinda ko‘p ishlar turibdi, biroq ushbu zulm maskanining tugatilishi islohotlar yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi”.

AQSh Davlat Departamentining Inson huquqlari, demokratiya va mehnat byurosi quyidagicha munosabat bildirdi:

“Biz “Jasliq” qamoqxonasini yopish to‘g‘risida qarori e’lon qilgani uchun O‘zbekistondan minnatdormiz. Inson huquqlari jamiyatlari bu to‘g‘risida deyarli so‘nggi 20 yil davomida so‘rab kelayotgan edi”.

BMTning O‘zbekistondagi Koordinatori Helena Freyzer ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarorini qo‘llab-quvvatladi:

“Mazkur jarayon doirasida BMT inson huquqlari tamoyillari va BMTning jinoyatchilikning oldini olish va odil sudlov sohasidagi standartlar va normalardan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga o‘zining penitensiar tizimini isloh qilishda va qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan sanksiyalar va choralarni qo‘llashda bundan keyin ko‘maklashishga tayyor”.

Evropa Ittifoqining “Jasliq” jazoni o‘tash koloniyasi yopilishi bo‘yicha bayonotida quyidagilar qayd etilgan:

“2017-2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilganidek, huquq ustuvorligi va inson huquqlariga amal qilinishi O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini jadallashtirishning uzviy sharti hisoblanadi. Ham xorijiy, ham ichki iqtisodiy operatorlarning olib borilayotgan islohotlarga ishonchi va ularning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investisiya kitirishga tayyorligi darajasi mazkur sohadagi doimiy o‘sishga bog‘liq. YEI munosabatlarimizni kelajakda yangi darajaga ko‘taruvchi voqealarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni “Jasliq” koloniyasini tugatish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

 

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!