Uzcard mojarosidan so‘ng, Prezident to‘lov tizimiga oid qarorni imzoladi

Uzcard mojarosidan so‘ng, Prezident to‘lov tizimiga oid qarorni imzoladi

Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 sentyabr kuni “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 
Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish orqali naqd pullarning bankdan tashqarida muomalada bo‘lishini qisqartirishga erishildi, to‘lovlarni amalga oshirish jarayoni sezilarli darajada osonlashtirildi, masofaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimlarining funksionali kengaytirildi.
 
Olib borilgan ishlar natijasida aholining bank kartalari va boshqa naqd pulsiz hisob-kitob usullariga xavfsiz va qulay to‘lov vositasi sifatida bo‘lgan ishonchi oshdi. Shu bilan birga, erishilgan yutuqlarga qaramay, to‘lov tizimlarini rivojlantirish, ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash va raqobat muhitini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish borasida qator kamchiliklar mavjud.
 
Xususan, chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat prosessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirmoqda, to‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lishiga olib kelmoqda.
 
Bundan tashqari, to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
 
To‘lovlarni amalga oshirish uzluksizligini ta’minlash, innovasion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini ta’minlash hamda to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo prosessing markazini (keyingi o‘rinlarda Milliy banklararo prosessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
 
2. Milliy banklararo prosessing markazini tashkil qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
 
2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo prosessing markazi, banklararo to‘lov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun ma’lumotlarni qayta ishlovchi to‘laqonli markaz yaratilishini;
 
2020 yil 1 yanvarga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar o‘rtasida axborot va texnologik aloqa o‘rnatishga ko‘maklashuvchi Milliy banklararo prosessing markazi ishga tushirilishini;
 
2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha prosessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro to‘lov tizimlarining bevosita Milliy banklararo prosessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini;
 
bank to‘lov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p funksiyali terminallar tarmog‘ining, shu jumladan, o‘z tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini ta’minlasin.
 
4. O‘zbekiston banklari assosiasiyasi tijorat banklari bilan birgalikda Milliy banklararo prosessing markazi loyihasini amalga oshirish davomida mavjud prosessing markazlarining Milliy banklararo prosessing markazi bilan integrasiyalashuvini va o‘zaro xizmat ko‘rsatilishini ta’minlasin.
 
5. Chakana to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish uchun bank tariflari banklar xarajatlari qoplanishini ta’minlash va raqobatga ko‘maklashish uchun ma’muriy aralashuvlarsiz xalqaro tajribaga muvofiq o‘rnatilishi belgilansin.
 
6. Markaziy bank 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini, shuningdek, umume’tirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni chuqur o‘rganish asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
 
milliy to‘lov tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari;
 
Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solishni nazorat qilish, shuningdek, milliy to‘lov tizimi sub’ektlarini lisenziyalash tartibi;
 
to‘lov tizimlarida bank siri himoyasini ta’minlash xususiyatlari;
 
elektron pullar bilan operasiyalarni amalga oshirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, elektron hamyonlar egalarini identifikasiya qilish tartibi.
 
7. Loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, Markaziy bank va “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” DUKga:
 
Markaziy bank hududida o‘rnatilgan shaharsozlik norma va qoidalariga amal qilgan holda, qurilish va loyihalashtirishni bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish va moliyalashtirish shartlarida amalga oshirishga;
 
loyihalash va pudrat tashkilotlarini, shuningdek, jihozlar, butlovchi buyumlar, texnika va texnologiyalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni yetkazib beruvchilarni tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash asosida aniqlashga ruxsat berilsin.
 
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.SH.Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                 
Shavkat Mirziyoyev
 
Manba: qalampir.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!