O‘zbekistonda psixologlar faoliyatiga oid qonun loyihasi qabul qilindi

O‘zbekistonda psixologlar faoliyatiga oid qonun loyihasi qabul qilindi

O‘zbekistonda aholiga psixologik yordam ko‘rsatishni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tominidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

“Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan psixologik yordam ko‘rsatish borasidagi asosiy tushunchalarning mazmunini huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.

Bunda, psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.

Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohadagi tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari hamda psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordam ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda. Endilikda, psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,7 million so‘mdan 3,4 million so‘mgacha ), mansabdorlarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi taklif etilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratilishi, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy amaliyot olib borayotgan psixologlarning qonuniy faoliyat olib borishi ta’minlashga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!