Bastrikin Rossiyada o‘lim jazosini qaytarishni taklif etdi
RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin yana bir marta Rossiyada o‘lim jazosini qaytarishni taklif qildi. «Interfaks» xabariga ko‘ra, Bastrikin bu haqda 28 iyun kuni Peterburgdagi yuridik forumdagi chiqishi vaqtida aytib o‘tgan.
«Menda baribir bu savol qayta-qayta paydo bo‘laveradi: nega og‘ir jinoyatlar soni ortib borayotganini inobatga olgan holda, qonunchiligimizda o‘lim jazosiga kiritilgan moratoriyni bekor qilmasligimiz kerak?» — degan Bastrikin.
Tergov qo‘mitasi raisi o‘z taklifini izohlarkan, 2024 yil 22 martida «Krokus Siti Holl»dagi konsert zalida 145 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan teraktdan misol keltirgan.
«Agar sovetlar davrida o‘lim jazosi og‘irlashtiruvchi holatlarda, ikki yoki uch kishini o‘ldirganlik uchun qo‘llangan bo‘lsa, bu 15 ayblanuvchi [«Krokus»dagi terakt bo‘yicha] eng ko‘pi bilan umrbod qamoq jazosi oladi. Bu nimani anglatadi? Uch mahal ovqatlanish, ikki soatlik sayr. Men o‘zimga ikki soat sayrni ep ko‘ra olmayman, menda bunga vaqt yo‘q. Ba’zida tushlik qilishga ham ulgurmayman. Tibbiy ko‘rik, stomatologi ham bor — ularning tishi og‘rib qolmasligi uchun. Bilasizmi, bir mahbusni qamoqda saqlab turish qanchaga tushadi? <…> Menga bir marta aytishgandi: Bir kishi uchun yiliga o‘ttiz ming rubl (). Buni bir umrga ozodlikdan mahrum etilganlarning barchasiga ko‘paytiring — bu katta byudjet bo‘ladi.
Bu nima? Bu qo‘riqchilar, ular bo‘lib turgan ko‘p miqdordagi qamoqxonalarni saqlab turish xarajatlarri, bu yerda shifokorlar bo‘ladi, ularga yangi yeguliklar berish kerak, oshpazlar kerak, kolbaska kesishi, kompot tayyorlashi uchun. Mana shuning uchun, menimcha, bu masalaga qaytishimiz kerak. Davolanish ham bor. (Forumning boshqa ishtirokchisi savoliga javob beradi) Har bir mahbus uchun yiliga 300 ming rubl bo‘lishi ham mumkin. <…> Shuning uchun men o‘lim jazosi tarafdoriman. Men gumanizm haqida gapiryapman, manyak 70, 80, 100 kishini o‘ldirsa va oliy jazoga — otuvga hukm qilinsa, bu o‘ta insonparvarlik bo‘ladi».
Bastrikin Rossiyada amalda bo‘lgan o‘lim jazosiga moratoriyni prezidentning tegishli farmoni bilan bekor qilishni taklif etgan. «Menga ba’zi malakali huquqshunoslar Konstitusiyani o‘zgartirish kerakligi, referendum o‘tkazish talab etilishini aytishadi, men esa shunchaki prezident farmoni bilan o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilish kerak deyman», — degan TQ rahbari.