O‘zbekistonda Al-Azhar kafedrasi tashkil etiladi hamda ulamolar qo‘shma Fatvo hay’ati tuziladi

O‘zbekistonda Al-Azhar kafedrasi tashkil etiladi hamda ulamolar qo‘shma Fatvo hay’ati tuziladi

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Toyyibni qabul qilgani haqida xabar bergan edik.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Shayx Ahmad Muhammad Toyyib islom dini ravnaqiga katta hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarimizning bebaho ilmiy merosini birgalikda o‘rganish muhim ekanligini qayd etdi.

Shayx Ahmad Toyyib O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani o‘zi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda mas’uliyat bag‘ishlashini bildirdi.

Shuningdek, shayx Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qo‘shma Fatvo hay’atini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlarni va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Yuqori martabali diniy arbob O‘zbekiston bilan munosabatlarni nafaqat ta’lim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida Misr tomonining sa’y-harakatlari qat’iyligiga ishonch bildirdi.

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!