O‘zbekiston siyosiy izolyasiyadan to‘liq xalos bo‘ldimi?

O‘zbekiston siyosiy izolyasiyadan to‘liq xalos bo‘ldimi?

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston siyosiy izolyasiyadan to‘liq forig‘ bo‘lgan. Buni dunyoning ko‘plab mamlakatlari ham yaxshi bilib turibdi. Bu borada xalqaro ekspertlar ham ijobiy fikrlar bildirmoqda.

«O‘zbekiston keyingi 3 yil davomida davlatimiz rahbarining siyosati tufayli izolyasiyadan chiqdimi, chiqyaptimi, degan savollar juda ko‘p, albatta. Shuni aytish kerakki, O‘zbekiston izolyasiyadan mutlaqo chiqib bo‘ldi. Hech qanday xavotir yo‘q.

Jahon ekspertlari shuni aytyaptiki, O‘zbekiston prezidentining ochiq, do‘stona va konstruktiv siyosati tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyoda mutlaqo sog‘lom siyosiy iqlim, do‘stona vaziyat paydo bo‘ldi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biri bilan har tomonlama manfaatli aloqalari uchun juda katta qulay sharoit yaratildi. AQSH, Yevropa ittifoqi, Rossiya, Qozog‘istondagi ekspertlar ham shunday baho beryapti.

Yana bir bor aytish mumkinki, O‘zbekiston izolyasiyadan to‘liq chiqib bo‘ldi va bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Misol keltirsak, bir yil avval Samarqandda inson huquqlari bo‘yicha juda katta Osiyo forumi bo‘ldi. Unda ko‘plab inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar vakillari yurtimizda ochiqlik siyosati davom etayotganini ta’kidlashdi.

Davlatimiz rahbarining gaplari bilan aytadigan bo‘lsak, biz yangi davlat quryapmiz. 25 yil davomida yig‘ilgan juda katta muammolarning hammasini 3 yil mobaynida hal etish oson ish emas. Oldimizga qo‘ygan marralarga paydar-pay erishamiz. Boshlangan islohotlar to‘xtatilmaydigan jarayonga aylandi», — deya Ilhom Ne’matovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida aytishicha, keyingi 3 yil davomida O‘zbekiston prezidenti darajasida 61 ta tashrif amalga oshirilgan. Bu avvalgilarga solishtirganda, 5-6 baravar ko‘p.

Shundan 37 tasi O‘zbekiston rahbarining chet ellarga tashrifi bo‘lsa, 24 tasi boshqa xorij davlatlari prezidentlarining O‘zbekistonga tashrifidan iborat. Bu tashriflar doirasida 120 dan ortiq oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi.

Tashqi siyosat, iqtisod, xavfsizlik, investisiya va gumanitar masalalarga oid 500 dan ziyod o‘ta muhim ikki va ko‘p tomonlama bitimlar imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!